Awesome Image

“NAVOIYURAN”DA GO‘ZALLIK VA NAFOSAT AYYOMI NISHONLANDI

Bugungi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasida mehnat qilayotgan 9000 nafar ishchi-xodimlarning 1000 nafarga yaqinini xotin-qizlar tashkil qiladi. 

 

Ular uran ishlab chiqarishning turli jabhalarida, xususan, uran zavodi, ishlab chiqarish maydonlari, geotexnologik konlar va laboratoriyalarda erkaklar bilan bir safda yelkama-yelka xizmat qilib kelmoqda. 

 

“Navoiyuran” davlat korxonasida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbir avvalida korxona Bosh direktori Dj.Fayzullayev bayram ishtirokchilari bo‘lgan munis va mo‘tabar xotin-qizlarni qutlug‘ ayyom bilan tabriklab, ularga jamoaning chuqur hurmat va ehtiromini yetkazdi. 

 

Shu kuni ko‘p yillik fidokorona mehnatlari, O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishga qo‘shgan munosib hissasi hamda go‘zallik va nafosat bayrami munosabati bilan “Navoiyuran” DK bo‘yicha jami 17 nafar xotin-qizlar korxona rahbariyati va 6-son Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, 3 nafariga “Navoiyuran Faxriysi” unvonlari topshirildi. 

 

Tadbir davomida yig‘ilganlarga bayram kayfiyati ulashish maqsadida “Farhod” va “Yoshlik” madaniyat saroyining badiiy jamoalari va xonandalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Yig'ilganlar Ona, Ayol va Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiq va dilbar taronalardan baxramand bo'lishdi. 

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati