Awesome Image

“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayevning Navro‘z ayyomi munosabati bilan korxona jamoasiga bayram tabrigi 

Hurmatli hamkasblar!

Shu kunlarda yurtimizda yangilanish va yasharish bayrami, har birimizning ko‘nglimizga bahoriy kayfiyat hamda go‘zallikni olib kirayotgan xalqimizning sevimli ayyomi – Navro‘z bayrami keng nishonlanmoqda.

Mana shunday go‘zal bahoriy bayram bilan jonkuyar, fidoyi va mehnatsevar jamoamizni chin qalbimdan tabriklayman. Barchalaringizga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. 

Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon bo‘lsin!

Qadrli do‘stlar!

Ma’lumki, jonajon korxonamiz joriy yilda o‘zining uchinchi bahorini qarshi olmoqda. Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar sabab, turli millatlar o‘rtasida do‘stlik va totuvlik yanada mustahkamlanib bormoqda.

Ayni paytda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv, og‘a-inilardek yashamoqda. Ko‘p millatli korxonamizda ham ular bir tanu bir jon bo‘lib, ahil inoqlikda, bir maqsad yo‘lida mehnat qilishmoqda. Navro‘z bayrami ularni yanada jipslashtirib, do‘stlik va birodarlik muhitini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Shubhasiz, bugun har bir yurtdoshimiz tilida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan ezgu tilaklar yangramoqda. Haqiqatan ham, Navro‘z o‘zining buyuk qudrati bilan tabiatni uyg‘otmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlar ayni shu ulug‘ maqsadga — yurtimiz nurga to‘lishiga, xalqimiz farovon bo‘lishiga qaratilgan.

Ming yillar osha bizgacha yetib kelgan Navro‘z nafaqat tabiatni, balki eng yaxshi insoniy fazilatlarni ham uyg‘otadi. “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” bo‘lgan joriy yil esa barchamizni Navro‘z kabi ezgu ishlarga, fidokorona mehnat qilishga, yangi marralar sari intilishga undaydi.

Aziz do’stlar!

Hammamiz uchun suyukli va ardoqli Navro‘z bayrami bilan barchangizni yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman!

Navro‘z har bir xonadonga, jamoamiz ahliga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!

Barcha ezgu niyat va maqsadlarimiz amalga oshsin! Ona Vatanimiz farovon bo‘lsin, jonajon korxonamiz rivojlanishdan to‘xtamasin!

Mehribon xalqimiz doim sog‘-omon, Navro‘z ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin!