Awesome Image

Yaponiyalik hamkorlar – Navoiyda

Yaponiyaning “Itochu Corporation” korporatsiyasi vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrif buyurishdi.

Uchrashuv davomida “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori J.Xasanov “Itochu Corporation” korporatsiyasi bilan 2006 yildan buyon o'zaro manfaatli hamkorlik uchun mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi.

O'z navbatida, “Itochu Corporation” korporatsiyasining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Imaizumi Toru uch yil davomida O'zbekistondagi faoliyati davomida o'zaro hamkorlik samarali bo'lganligini ta'kidladi va vakolatxona rahbari lavozimida ish boshlagan Nakayama Shotaroni tanishtirdi.

Nakayama Shotaro “Itochu Corporation” korporatsiyasi va “Navoiyuran” korxonasi bilan kelgusida ham hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishini bildirdi. Ta'kidlash joizki, “Itochu Corporation” korporatsiyasi korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan tabiiy uran mahsulotining asosiy xaridorlaridan hisoblanadi.

Muloqot davomida mehmonlarga “Navoiyuran” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan nodir metal hisoblangan – Reniy haqida atroflicha ma'lumot berildi va istiqbolda mahsulot eksporti borasida hamkorlik qilish imkoni mavjudligini ma'lum qilindi.

Uchrashuvdan so'ng mehmonlar Navoiy shahrida joylashgan uran ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishib, ishlab  chiqarilayotgan tabiiy uran sifati yuqoriligi va o'zaro hamkorlik yanada mustahkamlanib borayotganligi ta'kidlab o'tildi.