Awesome Image

AYAKQUDUQ OVULIDA JAMOATCHILIK ESHITUVI O‘TKAZILDI

Tomdi tumani Ayakquduq ovulida “Nurlikum Mining” QKning tuman hokimi va hokimlik mas’ul rahbarlari hamda mahalla faollari ishtirokida birinchi Jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi. 

Muloqotlar jarayonida qo'shma korxona Bosh direktori Benua Lemonn yig‘ilganlarni kompaniya, uning missiyasi va majburiyatlari bilan tanishtirdi hamda Navoiy viloyatining "Janubiy Jengeldi" hududida ishlab chiqiladigan loyiha bo‘yicha ma’lumot berdi. Shuningdek, uran qazib olish usuli, xavfsizlik standartlari, yillik atrof-muhit monitoringi va baholash, iqtisodiy-ijtimoiy ta'siri va boshqa loyihalarga to‘xtalib o‘tildi. Taqdimotdan so‘ng jamoatchilik o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mas’ullarga murojaat qilishdi va barcha savollar bo‘yicha atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar. 

Kunning ikkinchi yarmida ovulda qo'shma korxona tashabbusi va homiyligi asosida yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan futbol maydonining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda nafaqat ayakquduqliklar, balki qo‘shni qishloqlardan ham futbol ixlosmandlari bo‘lgan yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. 

Shuningdek, ovul yoshlaridan iborat jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etildi. Yakunda musobaqa ishtirokchilari munosib rag‘batlantirildi.

✍️ "Navoiyuran" DK axborot xizmati