Awesome Image

“Bank ish joyida” loyihasi amalda

     Bank ish joyida” loyihasi amalda. Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning bosh maqsadi aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, ijtimoiy muammolarini adolatli hal etish, ayniqsa, inson huquq va erkinliklarini ta'minlashdan iboratdir. Joriy yilning “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili” deb nomlanishi munosabati bilan qabul qilingan keng ko'lamli chora-tadbirlar mazmun-mohiyati zamirida chin ma'nodagi insonparvarlik g'oyasi mujassam. “Navoiyuran” davlat korxonasi va Milliy bank rahbariyatlarining tashabbuslari bilan ilk bora “Bank ish joyida” yangi qo'shma loyihasi amalga oshirildi. Navoiy shahridan 70 km uzoqlikda joylashgan Zafarobod qo'rg'oni aholisi hamda kon boshqarma ishchi-xodimlariga qulayliklar yaratish, bank xizmatlarini ish joylariga yaqin manzilda tashkil etish maqsadida hududda Milliy bank filiali tashkil etildi. Ayni kunlarda Zafarobod boshqarmasi binosining birinchi qavatida Mini-bank aholiga zamonaviy bank xizmatlarini ko'rsatmoqda. Shu yerning o'zida bank mobil ilovasini identifikatsiya ishlari amalga oshirilyapti, shuningdek, qulay shartlarda, hususan ishchi-xodimlar uchun bir necha pasaytirilgan foiz stavkalarida avtokredit, iste'mol, mikroqarz, overdraft va boshqa kreditlarni rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. E'tiborlisi, bank xizmatlari byurokratik to'siqlarsiz faqatgina fuqarolik pasporti bilan amalga oshirilmoqda. Ya'ni, kreditni rasmiylashtirish uchun talab etiladigan  hujjatlarni yig'ish yoki ilk bora ishga joylashayotgan fuqarolar Navoiy shahriga borib plastik karta rasmiylashtirish zaruriyati kabi ovorogarchiliklarga barham berildi. “Bank ish joyida” loyihasi doirasida bugungi kunga qadar aholiga 49 ta mikroqarz kreditlari ajratildi, 232 nafar fuqaroga shaxsiy plastik kartalar ochildi. Bundan tashqari boshqa turdagi kreditlarga ham hujjatlar qabul qilinmoqda,- deydi bank xodimi Azim Teshayev. Murojaat etgan fuqarolarga bank xodimlari tomonidan hisob raqami ochish, kreditlar olish uchun arizalarni rasmiylashtirish va  omonat turlari bo'yicha atroflicha ma'lumotlar berilmoqda. Quvonarlisi, yaratilgan ushbu xayrli ishlardan zafarobodliklarning quvonchi cheksiz. Ular qalbida ko'z ochayotgan yangi orzu-umidlar ertangi kunga bo'lgan ishonchlarini yanada mustahkamlamoqda.