Awesome Image

ENG YAXSHI RATSIONALIZATORLIK TAKLIFLARI ANIQLANDI

Bugun “Zafarobod” kon boshqarmasi majlislar zalida “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovining yakuniy bosqich g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda bo‘linma rahbariyati, bosh mutaxassislar, muhandis-texnik xodimlar ishtirok etishdi.

 

Dastlab “Zafarobod” kon boshqarmasi direktori O.Ruziyev bugungi kunda bo‘linma tizimida mehnat faoliyatini olib borayotgan intiluvchan, tashabbuskor va bilimli ishchi-xodimlarning yangi g‘oyalari, ratsionalizatorlik takliflari ishlab chiqarishda iqtisodiy samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirishda yaxshi samara berayotganligini ta’kidladi.

 

Birgina 2022-yilda kon boshqarma ishchi-xodimlari tomonidan taklif etilib, ishlab chiqarishga jalb etilgan 21 ta ratsionalizatorlik takliflari va ishlanmalar natijasida 3,1 mlrd so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishildi. O‘tgan 2023-yil davomida esa 25 ta taklif ro‘yxatga olingan bo‘lib, 17 tasi ishlab chiqarishga tadbiq etildi va korxona iqtisodiyotiga 6,5 mlrd so‘m foyda keltirdi.

 

Quvonarlisi, 2022-yilga nisbatan 2023-yilda ratsionalizatorlik takliflarini ishlab chiqarishda qo‘llanilgandagi iqtisodiy samaraning o‘sish surati 210% ni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, hozirgi kunda kon boshqarmada ratsionalizatorlik takliflaridan tashqari ishlab chiqarishda 3 ta ixtiro va 2 ta foydali model patentlaridan foydalanib kelinmoqda.

 

Tadbir davomida tanlovning yakuniy bosqichida turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

 

Xususan, “Konchilik ishlari bo‘yicha eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” nominatsiyasi bo‘yicha “Zafarobod” KB Ta’mirlash mexanika sexi ta’mirlovchi-chilangari I.Sharipov, “Uranni ajratib olish texnologiyasi bo‘yicha eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” nominatsiyasi bo‘yicha “Zafarobod” KB 2-sonli Geotexnologik koni eritmalarni qayta ishlash uchastkasi smena ustasi N.Xosilov, “Mexanika bo‘yicha eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” nominatsiyasi bo‘yicha “Zafarobod” KB Ta’mirlash mexanika sexi boshlig‘i o‘rinbosari P.Slipchenko, “Energetika bo‘yicha eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” nominatsiyasi bo‘yicha “Zafarobod” KB Ta’mirlash mexanika sexi Issiqlik va suv ta’minoti uchastkasi boshlig‘i Z.Soliyev, “Transport bo‘yicha eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” nominatsiyasi bo‘yicha “Zafarobod” KB 6-sonli Avtokorxona Ta’mirlash bo‘yicha muhandisi N.Krasnovlar g‘olib deb topildi.

 

Barcha g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati