Awesome Image

FRANSIYA BILAN HAMKORLIK YANGI BOSQICHDA

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi 319-sonli qarorida “Orano Mining” kompaniyasi ekspertlarini jalb qilgan holda, “Navoiyuran” davlat korxonasi faoliyatini moliyaviy, texnik, yuridik va ishlab-chiqarish quvvatlarini kompleks o‘rganish o‘tkazish hamda rivojlanish strategiyasi, operatsion samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarni optimallashtirish va avtomatlashtirish hisobiga ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish vazifalari belgilangan. 

Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-22-noyabr kunlari Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “Navoiyuran” davlat korxonasi hamda Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi o‘rtasida uran qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha uch tomonlama Strategik hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolangani ushbu jarayonlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Mazkur kelishuvga asosan baholash hisobotini taqdim etish va texnik hamkorlikning yo‘l xaritasi bo‘yicha batafsil harakatlar rejasini tuzish uchun geologlar, gidrogeologlar, tog‘-kon va texnologik muhandislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhi tomonidan baholash hisoboti va konlarni texnik auditdan o‘tkazish bo‘yicha tegishli texnik hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqish belgilangan.

Shu munosabat bilan 8-fevral kuni “Orano Mining” kompaniyasining konchi, geolog va texnologik jarayonlar bo‘yicha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibida “Orano Mining” kompaniyasining Parij maydonining geologiya-qidiruv bo‘yicha mutaxassisi Jyulen Salabert, tog‘-kon sanoati bo‘yicha katta ekspert Andreas Mittler, kon ishlari, iqtisod va konlarni rejalashtirish bo‘yicha mutaxassis Yermal Kopliku, tog‘-kon jarayonlari bo‘yicha ekspert Serxio Bustos, texnologik jarayonlar bo‘yicha mutaxassis Bertran Oliver Mari Kviniu, Katco kompaniyasining geofanlar bo‘yicha ijrochi direktori Yerlibek Bolat va geologiya bo‘limi boshlig‘i Baglan Quanishboevlar o‘rin olgan.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad "Navoiyuran" davlat korxonasi ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishish hamda barcha ishlab chiqarish jarayonlari texnik auditdan o‘tkazish bo‘yicha texnik hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqishdan iborat.

Dastlab kompaniya vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jahongir Xasanov va boshqa mas’ul rahbarlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda Strategik hamkorlik bo‘yicha kelishuv doirasida amalga oshiriladigan ishlar va ishchi guruhi oldida turgan vazifalar muhokama qilindi hamda korxonaning umumiy faoliyati bo‘yicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, uchrashuvda qarorda belgilangan vazifalarning ijrosini to‘laqonli bajarish uchun uzviy hamkorlikni olib borish hamda mehmonlarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishuv yakunlari bo‘yicha mutaxassislarning tahlillari va tavsiyalari muhimligi ta’kidlandi.

Ushbu hamkorlik kelgusida “Navoiyuran” davlat korxonasining keyingi faoliyati uchun samarali bo‘lishiga hamda ishlab chiqarish jarayonlariga ijobiy ta’sir qilishiga ishonch bildirildi.

Delegatsiyaning “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrifi davom etmoqda.

  "Navoiyuran" DK axborot xizmati