Awesome Image

FRANSIYALIK MUTAXASSISLAR O‘ZLARINING DASTLABKI XULOSALARI BILAN O‘RTOQLASHDI 

Avval xabar berganimizdek, Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasining konchi, geolog va texnologlaridan iborat ishchi guruhi “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrif buyurgan edi. Ishchi guruhi o‘z o‘rganishlarini yakunlab, o‘zlarining dastlabki xulosalari bilan o‘rtoqlashdi. Shu maqsadda, “Navoiyuran” DK bosh direktori Jahongir Xasanov va korxona rahbariyati bilan ishchi guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda dastlab kompaniyaning tog‘-kon sanoati bo‘yicha katta eksperti Andreas Mittler “Navoiyuran” davlat korxonasining faoliyatiga yuqori baho berdi va o‘zining o‘rganishlari natijalariga asosan xulosalari va takliflarini bildirib o‘tdi.

 

Xususan, jahon uran sanoatidagi eng yaxshi tajribalarni korxona amaliyotiga joriy etish, bu esa kelgusida barcha ko‘rsatkichlarda yuqori samaradorlikka erishishga asos bo‘lishini ta’kidladi va o‘zlarining yakuniy xulosalarini jamlagan holda yozma ravishda yetkazishini bildirdi. Ushbu xulosalarda geologiya-qidiruv, geotexnologiya, texnologiya va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida qaysi jihatlarga e’tibor qaratilishi lozimligi aytib o‘tildi.  Bundan tashqari, Navoiyurandavlat korxonasi bosh direktorining geologiya bo‘yicha maslahatchisi Jerard Fries, “Orano Mining” kompaniyasi texnologik jarayonlar bo‘yicha mutaxassisi Bertran Oliver Mari Kviniu va boshqa ekspert hamda mutaxassislar zaxiralarni shakllantirish, konlarni 3D formatda modellashtirish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni raqamlashtirish, texnika xavfsizligi va atrof-muhit muhofazasi va shu kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, ekspertlar tomonidan uzoq va qisqa muddatga mo‘ljallangan takliflar ishlab chiqiladi.

 

Ta’kidlanganidek, korxona bilimli, salohiyatli, kreativ fikrlaydigan va o‘z kasbining fidoyilari bo‘lgan mutaxassis kadrlardan iboratligi, uning xalqaro miqyosda obro‘yi ortishiga juda katta xizmat qilmoqda. Geotexnologik konlarning murakkab kon-geologik va geografik-iqlim sharoitlarida, markazdan olisda joylashgan bo‘lishiga qaramasdan, yuqori natijalarga erishilmoqda. Bu albatta korxona rahbariyati tomonidan zarur va tezkor chora-tadbirlar ko‘rilgani va ishchi-xodimlarning rahbariyat topshiriqlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarayotgani bilan bevosita bog‘liq. Shuningdek, burg‘ilash va ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnikalar shu yerning o‘zida, korxonaning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ta’mirlab borilayotgani hamda burg‘ilash uskunalar va cho‘ktirma nasoslar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilgani ishlarning uzluksiz davom etishida muhim rol o‘ynayotgani, xorijlik mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi.    

 

Muloqotlar asnosida o‘tgan bir haftalik o‘rganishlar mobaynida ekspertlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani, savollarga o‘z vaqtida javob berilgani, zarur ma’lumotlarning muntazam berib borilgani ishchi guruhining ishini yanada oson qilganiga alohida urg‘u berildi.

 

Korxona rahbari Jahongir Xasanov ham muloqotlar so‘nggida mehmonlarga o‘zaro hamkorlik va amaliy yordam uchun minnatdorchilik bildirdi hamda ularning taklif va xulosalari korxonaning kelgusidagi faoliyatiga ijobiy ta’sir qilishini ta’kidladi.

 

Ishchi guruhining tashrifi va o‘zaro hamkorlik har ikki tomon uchun ham samarali bo‘ldi.

 

 "Navoiyuran" DK axborot xizmati