Awesome Image

GEOFIZIK TADQIQOTLAR SAMARASI

 

Yer qa’ridan foydali qazilma konlarini qidirib topish va ularni o‘zlashtirish murakkab va uzoq davom etuvchi jarayon bo‘lib, bu yo‘lda bir qator mutaxassislarning hamkorlikda ishlashi  kutilgan samarani beradi. Xususan, geologlar, geofiziklar, marksheyder va texnologlar yagona maqsad – tabiiy uran konlarini izlab topish yo‘lida birlashganlar. Bugungi kunda ushbu kasb egalarining tinimsiz mehnati respublikamizning mineral-xom ashyo bazasini kengaytirilishi va mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda.

 

“Navoiyuran” davlat korxonasi “Zafarobod” Kon boshqarmasi geofizik xizmati mutaxassislarining asosiy vazifasi geotexnologik quduqlarda geofizik tadqiqotlar o‘tkazishdir.  Korxonada tabiy uran mahsulotini qazib olish ko‘p jihatdan geofizik tadqiqotlarning to‘g‘ri va sifatli o‘tkazilishiga bog‘liq. Chunki, soha mutaxassislari tomonidan foydali qazilmaning qaerda joylashganligi, uning miqdori, hudud bo‘yicha qanday taqsimlanganligi, qaysi kon va ekspluatatsiya sharoitida joylashganligini imkon qadar aniq ko‘rsatib berilishi kon boshqarmasi bo‘yicha kon ishlari yo‘nalishini rejalashtirishda juda muhim. Amalda, ushbu umumiy vazifani bajarish bir nechta aniq vazifalarni bajarishdan iborat bo‘ladi. Aniqroq aytganda, loyihalash uchun materiallar tayyorlash, loyihaning bajarilishini nazorat qilish, quduqlarning geologik hujjatlari, quduqlarda geofizik tadqiqotlar, yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra loyihani tuzatish, ishning birlamchi geologik natijalarini tezkor tizimlashtirish va umumlashtirish, shuningdek bajarilgan ishlar natijalarini tahlil qilish ham ahamiyatlidir.

 

Konlarni aniqlash qiyin jarayon, ammo uni qazib olishning eng samarali usulini topish undan ham murakkab, - deydi kon boshqarma bosh geofizigi, tajribali mutaxassis Kucherbay Kuanishbayev. - Ayniqsa, bu bizning yer ostida eritmaga o’tkazish usuli bilan o‘zlashtirilayotgan konlarga tegishli. Bunda korxonaning ko‘plab xizmatlarining yaqin hamkorligi zarur. Geofizik xizmati xodimlarining vazifasi geologlarga quduqlarni o‘tkazilgan geofizik tadqiqotlar natijalari asosida rejalashtirilgan va bajarilgan ishlarning aniqligi va ishonchliligini ko‘rsatishdir. Korxonamiz rahbariyati geofizik ishlarning muhimligini e’tiborga olgan holda yangi zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratadi. Jumladan, "Korxonani innovatsion rivojlantirish" loyihasi doirasida tabiiy qatlamlardagi uran tarkibini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aniqlash uchun ikki zondli uskunalar (AINK-48) va kolonna ichida videokuzatuv olib borish uchun "Videokarotaj" kabi yangi avlod qurilmalari xarid qilindi va foydalanishga topshirildi. Mazkur zamonaviy texnikalarning ishlab chiqarishga tatbiq etilishi ish ko‘lamin oshirib, vaqt tejamkorligida o‘z samarasini bermoqda.

 

Ahamiyatlisi, qisqa vaqt ichida kon boshqarmaning barcha bo‘linmalari geofizik xizmatlarining muhandis-texnik xodimlari yangi qurilmalarning ishlash prinsipini, ularning ish dasturlarini, sozlash va kalibrlashni o‘rganib chiqdilar va barcha geofizik-operatorlar yangi uskunalar bilan ishlash uchun kasbiy qayta tayyorlovdan o‘tkazildilar. Bunda ko‘p yillik bilim va tajribaga ega 1,2,3,4-geotexnologik konlar bosh geofiziklari Ilyas Xaydarov, Andrey Bovkun, Aktam Mirzayev, Xurshid Sayfulayevlarning xizmati katta bo‘ldi.

 

Natijada bugungi kunda ma’dan tanalarining chegarasini to‘g‘ri aniqlash, foydali komponent miqdorini aniqlash, suv o‘tkazuvchan va o’tkazmaydigan qatlamlarni belgilash, quduq stvolining (devori) egriligini hisoblash, filtrlarning to‘g‘ri joylashishini tekshirish va boshqa ko‘plab zarur parametrlar - aynan geofiziklar tomonidan aniqlanadi va tegishli mutaxassislarga yuboriladi.

 

Shuningdek, kon boshqarmaning geologik va geofizik xizmati  “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazining geofizik xizmati bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Uskunalarning sozligini tekshirish bo‘yicha qo‘shma ishlar olib borilmoqda. Bu esa uran tarkibini aniqlashda geofizik ishlarni sifatli bajarish imkonini beradi. Namuna sinovlarini o‘tkazish, oksidlanish zonasini aniqlash va zahiralarni hisoblash uchun muhim parametrlarni o‘rganish, jumladan, radioaktiv muvozanat koeffitsienti, namuna materialining kimyoviy tahlilini gamma-nurlarini qayd qilish bilan taqqoslash - bu ishlarning barchasi bevosita geologik qidiruv jarayonida amalga oshiriladi.

 

Bugungi kunda kon boshqarma ahil jamoasi oldida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030 - yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-319-son qarorida belgilangan ishlab chiqarishda muvafaqqiyatga erishishning muhim shartlaridan biri bo‘lgan yer qa’ridan tabiiy boyliklar zaxiralarini topish va ularni o‘zlashtirishga qaratilgan ko‘plab vazifalar turibdi. Yillar davomida to‘plangan bilim va tajribaga ega soha ishchi-xizmatchilari, muhandis-texnik xodimlar, jumladan, geologik-geofizik xizmati xodimlari bor kuch va imkoniyatlarini shunday mas’uliyatli vazifalarni sharaf bilan uddalash yo‘lida safarbar etmoqdalar.

 

Nafisa SAGATBAYEVA,

“Navoiyuran” davlat korxonasi

“Zafarobod” kon boshqarmasi axborot xizmati muhandisi