Awesome Image

GEOLOGLAR SHARAFLANDI

Joriy yilning 3 aprel kuni Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yoshlik” madaniyat va sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda geologiya sohasi xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida korxona bosh direktori J.Xasanov tizimda mehnat faoliyatini olib borayotgan geologlar, geotexnologlar, marksheyderlar va geofiziklarni bayram bilan tabriklab, ularga eng samimiy va ezgu tilaklarini bildirdi.

Shundan so‘ng, korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni” munosabati bilan bir guruh ishchi-xodimlar Faxriy yorliq va Tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Xususan, 7 nafariga Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining “Faxriy yorlig‘i” hamda “Navoiyuran” DK va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasining Qo‘shma qaroriga asosan 15 nafariga korxona “Faxriy yorlig‘i”, 11 nafariga “Tashakkurnoma”lar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Quvonarlisi, “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi va uning “Nurota”, “Bukantog‘” va “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi mehnat jamoalariga 4 ta ISUZU D-MAX rusumli yo‘l tanlamas xizmat avtomashinasi topshirildi. Bunday bayramona sovg‘a jamoaning kelgusidagi faoliyat samaradorligini oshirib, ularga yanada g‘ayrat va shijoat bag‘ishlashi shubhasiz.

Tantanali tadbir davomida madaniyat uyi badiiy jamoalari hamda xonandalarining kuy-qo‘shiq va raqslari barchaga birdek bayramona kayfiyati ulashdi.

  "Navoiyuran" DK axborot xizmati