Awesome Image

ILMIY ISHLAB CHIQARISH MARKAZI JAMOASINING ISH SHAROITLARI YAXSHILANDI

Ma’lumki, “Uran va kamyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi 2022-yilning 1-noyabridan boshlab, “Navoiyuran” davlat korxonasi tarkibida o‘z faoliyatini boshladi. Shu munosabat bilan, korxonaning mehnatni muhofaza etish bo‘yicha mutaxassislari va 6-sonli Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari o‘rganildi.

 

Ushbu o‘rganish yakuni bilan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va mazkur chora-tadbirlarga asosan, markazning burg‘ilash brigadalari ish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab olindi.

 

Mazkur vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni munosabati bilan 6-sonli Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan jami 200 million so‘mlik muzlatgich, konditsioner, elektr va mikroto‘lqinli pech, termopot kabi 135 birlikdagi turli maishiy texnikalar to‘plami jamoaga topshirildi.

 

Shuningdek, “Zirabuloq” geologiya qidiruv ekspeditsiyasida vaxta usulida ishlaydigan ishchi-xodimlarning yotoqxonasi uchun changyutgich, kir yuvish mashinasi va elektr pechlar olib berildi.

 

Albatta bunday e’tibor jamoaning mehnat sharoitlarini yanada yaxshilab, kelgusida belgilangan vazifalarni sidqidildan va ortig‘i bilan bajarishda muhim poydevor bo‘ladi.