Awesome Image

INVESTITSION LOYIHALAR KORXONA ISTIQBOLIGA XIZMAT QILMOQDA

Ma’lumki, sanoatni, umuman ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishni, texnik va texnologik yangilashni investitsiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. “Navoiyuran” davlat korxonasi ham o‘z investitsiya siyosatiga ega bo‘lib, 2030 yilga qadar korxonani rivojlantirish bo‘yicha tegishli dasturlar qabul qilingan.

Korxonaning istiqbolini belgilab beruvchi muhim tarixiy hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-319-son qarorida ham bu borada aniq vazifalar belgilab berilgan. Xususan, uran xomashyo bazasini barqaror rivojlantirish, uni qazib chiqarish va qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish, sohani transformatsiya qilish hamda unga investitsiyalarni va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, pirovardida geologiya o‘rganishlaridan chuqur qayta ishlangan mahsulot olishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladigan zamonaviy korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadlari qaror asosini tashkil qiladi.

Malakali geologlarning olib borgan izlanishlari natijasida 2022-yilda konlar soni bittaga ko‘payib, jami 20 taga yetdi. Xususan, “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan uran qazib olish va qayta ishlashni ko‘paytirish maqsadida amalga oshiriladigan investitsiya loyihasi” bo‘yicha “Aqtau” konida ruda qazish maydonini qurish mo‘ljallangan edi. Uch bosqichdan iborat bo‘lgan loyihaning umumiy qiymati 5 mln dollar bo‘lib, uning tashkil etilishi bilan jami yuzga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Albatta qarorda ko‘rsatib o‘tilgan investitsiya loyihalarining ro‘yxatiga muvofiq ularni amalga oshirish muddatlarini, yillar kesimida loyihalar doirasida mablag‘larni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish va bu ishlarni amalga oshirish tartibi ham belgilab olingan. Bu esa ishlarni jadallashtirish va sifatli amalga oshirishga zamin hozirlaydi.

Bundan tashqari, “Aktau” konida ruda qazish maydonini qurish, asosiy texnologik va transport uskunalar parkini kengaytirish, istiqbolli maydonlarda qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini qurish, geologiya-qidiruv ishlarining texnologik va transport uskunalar parkini kengaytirish, “Zafarobod” kon boshqarmasi va “Uchquduq”, “Nurobod” ishlab chiqarish maydonlarining qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini texnik va texnologik qayta jihozlash loyihalarning birinchi bosqichi amalga oshirildi. Shuningdek, “Janubiy Jingeldi maydonida qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini qurish” investitsiya loyihasi Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi  bilan hamkorlikda amalga oshirildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-459-sonli qarori korxona investitsiya loyihalarini yanada yangi bosqichga olib chiqdi deyish mumkin. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “2023 yilda investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish bo‘yicha yig‘ma manzilli dastur”iga asosan “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan jami 7 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Shundan 2023 yilga mo‘ljallangan loyihalar doirasida 66 mln dollar miqdorida mablag‘larni moliyalashtirildi va o‘zlashtirildi. O‘tgan yil davomida 510 dan ortiq texnologik va mexanik uskunalar, 175 dan ortiq texnologik va yordamchi transport uskunalari, 200  dan ortiq energetik uskunalar, 14 ta texnologik burg‘ilash uskunalari  xarid qilindi.

Ushbu hujjat bilan tasdiqlangan umumiy qiymati 376,3 mln dollarga teng bo‘lgan ushbu 7 ta investitsiya loyihalarini 2030 yilga qadar amalga oshirilishi korxonaning keyingi taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.

Ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarish bilan birga, samarali ishlab chiqarish texnologiyalarini va zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, korxona transformatsiyasini jadallashtirish, moddiy-texnika, moliyaviy va mehnat resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha korxona oldida ulkan vazifalar turibdi.

Albatta har qanday investitsiya loyihasining istiqboli loyiha oldi hujjatlarning mukammal va puxta ishlab chiqilishiga bevosita bog‘liq. 

Korxona rahbariyati va mutaxassislari tomonidan 2022-2030 yillar davomida uran qazib olish va qayta ishlashning maqsadli ko‘rsatkichlarini bajarish hamda investitsiya loyihalari doirasidagi loyiha oldi hamda loyiha hujjatlari o‘z vaqtida ishlab chiqishni ta’minlash maqsadida 2023-2024 yillar davomida har bir maydon va konlar kesimida o‘rganish va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish dasturi ishlab chiqildi.

Shu bilan birgalikda, “Sulfat kislotasi sexining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish” investitsiya loyihasi bo‘yicha “O‘zkimyosanoatloyiha” instituti bilan shartnoma imzolandi. “Uran ishlab chiqarish zavodini kengaytirish va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasining loyiha oldi hujjatlari yakunlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi 319-sonli qaroriga muvofiq ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga qaratilgan 6 ta qo‘shimcha loyiha ishlab chiqilmoqda. Jumladan, “Plastmassa quvurlari va mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 2- geotexnologik konining mavjud binosini rekonstruksiya qilish” ob’ekti doirasida ishlar olib borilmoqda. Loyihani ishga tushirish natijasida plastmassa quvurlari va mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmi hozirgi 7200 tonnadan 15 000 tonnaga yetkaziladi. Markaziy moddiy texnika bazasi hududida “Vagonlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish va ta’mirlash deposini qurish” loyihasining amalga oshirilishi natijasida korxonaning o‘z kuchi bilan bir yilda 350 ta vagon-sisternalarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. “Uran ishlab chiqarish zavodini tabiiy gaz bilan ta’minlash” loyihasi kengaytirilishi ko‘zda tutilgan zavod quvvatlarini tabiiy gaz bilan to‘liq ta’minlash imkonini beradi.

“Nurota” geologiya qidiruv ekspeditsiyasi hududida namunalarni maydalash sexini qurish” loyihasini ishga tushirish bilan korxonaning o‘z kuchi bilan zamonaviy uskunalarni qo‘llagan holda namunalarni maydalash hamda ishlov berish sharoiti yaratiladi.  “Bukantau” geologiya qidiruv ekspeditsiyasi hududida namunalarni saqlash omborxonasini qurish” loyihasi namunalarni saqlash va hisobga olish sharoitlarining yanada yaxshilanishiga olib keladi.

“Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni hududida maishiy bino qurish” loyihasi esa 600 nafar ishchi-xodimlarga mo‘ljallangan bir vaqtning o‘zida yuvinish va kiyim tozalash majmuasiga asos bo‘lmoqda.

O‘tgan 2023-yilning 1-yarim yilligiga mo‘ljallangan loyihalar ham o‘z muddatida va sifatli amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi. Xususan, umumiy qiymati 4,03 mlrd so‘m bo‘lgan “Plastik quvurlar va mahsulotlar ishlab chiqarish sexi hududida Ma’muriy-maishiy bino qurish” loyihasi nurobodliklarga katta tuhfa bo‘ldi. Ma’muriy va maishiy korpuslardan iborat bino to‘liq zamonaviy sendvich panellardan qurilgan bo‘lib, bu energiya tejamkorligini, qishda issiq, yozda salqin muhit barqarorligini ta’minlaydi.

Ma’muriy korpusda rahbariyat va muhandis-texnik xodimlar hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimlari uchun zarur sharoitlarga ega bo‘lgan 10 ta xona, shuningdek, 50 o‘rinli faollar zali joylashgan.

Maishiy korpusda esa barcha qulayliklarga ega kiyinish va yuvinish xonalari hamda sanuzellar o‘rin olgan. Isitish va issiq suv tizimida zamonaviy isitish qozonlari o‘rnatilgan.

Shuningdek, korxonaning aloqa va kommunikatsiya tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 2,5 mlrd. so‘m bo‘lgan “Halqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga, shu jumladan IP-telefoniya texnologiyasidan foydalangan holda ulanish”loyihasi amalga oshirildi.

Bundan tashqari, “2022-2023 yillarga mo‘ljallangan 200 litrli metall bochkalar ishlab chiqarish uchun Janubiy Bukinay 2-GTKning mavjud binosini rekonstruksiya qilish”,  “Navoiyuran” DK Markaziy moddiy texnik bazasini ma’muriy binosini mukammal ta’mirlash” va “Idoraviy xarbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadining ma’muriy binosini mukammal ta’mirlash” loyihalari bo‘yicha qurilish-montaj ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. 

Mamlakat iqtisodiy  o‘sish shartlaridan biri bu xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning investitsion faolligini  kuchaytirish hisoblanadi. Zero, investitsiya har qanday rivojlanish darajasida iqtisodiyotning muhim elementi hisoblanadi. Tarmoqlarni rivojlantirishga sarmoya kiritish va tarmoqlarning ish samaradorligini oshirish nafaqat, korxona, balki mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga, aholining turmush farovonligi oshishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilib, ishchi-xodimlarning mehnat va yashash sharoitlari yaxshilanishiga turtki bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar soni ortib, eksport geografiyasi ham kengayadi. Qo‘shimcha qiymat yaratilib, mahsulotlar tannarxi sezilarli darajada tushishiga olib keladi. “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan yangi loyihalarga investitsiya kiritilishidan ham ayni maqsadlar ko‘zlangan.

 

“Navoiyuran” DK axborot PR xizmati