“Nurlikum Mining” qo‘shma korxonasining texnik oromgohida “Xavfsizlik kuni” doirasida “Navoiyuran” davlat korxonasi bilan hamkorlikda tadbir tashkil etildi. Tadbirda mehnat xavfsizligi bo‘yicha mas’ul rahbarlar va korxona vakillari ishtirok etishdi.
Xavfsizlik kuni har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, “Nurlikum Mining” QKda xavfsizlik madaniyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, o‘zaro tajriba almashish va shu kabi tadbirlarda ishtirok etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu kabi tadbirlar kompaniya va uning xodimlari hamda hamkorlari uchun ishlab chiqarishda mehnat va texnika xavfsizligining muhimligini yana bir bor eslatish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda kompaniyaning erishgan yutuqlari, mavjud kamchiliklari va orttirgan tajribalarini tahlil qilish va yanada takomillashtirish imkonini beradi. Joriy yilgi “Xavfsizlik kuni” tadbirining mavzusi – “Xavfsizlik bu tasodif emas, balki tanlovdir”.
Dasturda o‘tgan yilning asosiy masalalari va joriy yildagi vazifalar, geologiya-qidiruv ishlarida ishlash va mehnat xavfsizligi talablari bo‘yicha taqdimotlar, xodimning ish jarayonidagi xavfsizlik va yong‘inga qarshi vositalardan to‘g‘ri foydalanish, sanoatda yuzaga keladigan xodimning hayoti va sog‘lig‘iga ta’sir etadigan holatlarning oldini olish masalalari muhokama etildi.
“Orano Mining” kompaniyasining mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislari Anri Lekour va Mari Laure Fitamantlar tadbirda ishtirok etib, kompaniyada joriy qilingan texnika va mehnat xavfsizligi bo‘yicha siyosati va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, tadbir so‘ngida "Navoiyuran" davlat korxonasining mehnat muhofazasi bo‘yicha direktori S.Nurnazarov tadbir har tomonlama qiziqarli va foydali bo‘lganini, ushbu yo‘nalishda korxonalar tomonidan orttirilgan xalqaro tajribalar kelgusi faoliyatda ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbir davomida ishtirokchilar “Nurlikum Mining” qo‘shma korxonasi tajriba-sinov uchastkasining ishlab chiqarish maydoni faoliyati va mehnat muhofazasi bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati