Awesome Image

ITALIYA KOMPANIYASI "NAVOIYURAN" BILAN HAMKORLIK QILISH ISTAGIDA

Italiyaning “Ballestra” kompaniyasining Rossiya Federatsiyasidagi  vakolatxonasi vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrif buyurishdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad sulfat kislota ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini muhokama qilish va uni amalga oshirish bo‘yicha “Navoiyuran” DK rahbariyati bilan muzokara o‘tkazishdan iborat. Uchrashuvda korxona rahbariyati va mutaxassislar ishtirok etishdi.

Dastlab korxona bosh direktori J.Xasanov delegatsiya a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi 319-sonli qarorida ko‘zda tutilgan investitsion loyihalar bilan tanishtirdi. Xususan, tabiiy uran ishlab chiqarishni ikki barobarga oshirilishi natijasida sulfat kislotaga bo‘lgan talab ham yuqori bo‘lishi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, sulfat kislotasi ishlab chiqarishni hozirgi 520 ming tonnadan yangi quvvatlarning ishga tushirilishi bilan yana 300 ming tonnaga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, korxona tomonidan uran qazib olish va qayta ishlashni ko‘paytirish maqsadida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarida Sulfat kislotasi sexining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha ham vazifalar qo‘yilgani haqida to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng, mehmonlar samimiy qabul uchun korxona rahbariga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kompaniya tomonidan sulfat kislota ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalarini taqdimot qilishdi hamda injiniring va texnologik uskunalar yetkazib berish bo‘yicha takliflarini bildirishdi.

 ️ "Navoiyuran" DK axborot xizmati