Awesome Image

“ITOCHU CORPORATION” VAKILLARI BILAN ISTIQBOLDAGI REJALAR MUHOKAMA ETILDI

“Navoiyuran” davlat korxonasida Yaponiyaning “Itochu Corporation” korporatsiyasi Tokio ofisi menejeri Toshitaka Shibata boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

 

Yaponiya delegatsiyasini “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayev boshchiligidagi korxona mas’ul rahbarlari qabul qildi. 

 

Kunchiqar yurt vakillarining tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad amaldagi kelishuvlarga oid masalalar hamda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo'ldi.  

 

Uchrashuv davomida korxona rahbari “Itochu Corporation” korporatsiyasi bilan hamkorlik 2006 yildan buyon davom etib kelayotgani va bu o‘zaro ishonch va ikki tomonlama manfaatli do‘stlik ustiga qurilganini ta’kidladi. O‘z navbatida mehmonlar ham uzoq yillik hamkorlik uchun korxona rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi. 

 

Shuningdek, mehmonlar muloqot davomida geologiya-qidiruv, hamkorlikda uran ishlab ishlab chiqarish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, hamkorlikda yangi konlarni o‘zlashtirish, korporatsiyaning dunyo bozoridagi xalqaro tajribasidan samarali foydalanish hamda geolog va muhandislari ishtirokida sulfat kislotasi ishlab chiqarishga qaratilgan yangi quvvatlarni yaratish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.  

 

Ishlab chiqarishga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali uran ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha ham takliflar o'rtaga tashlandi. 

 

Mehmonlar uchrashuv davomida korxona bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma korxona konsepsiyasining ham taqdimotini o‘tkazishdi. Uchrashuvda korxona Bosh direktori tomonidan birinchi galdagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida yaponiyalik hamkorlarga istiqbolli konlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish taklifini ilgari surildi. 

 

Bu kelajakda hamkorlikning yangi yo'nalishi sifatida uran ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish va uran konlarining yangi zaxiralarini topish imkonini beradi. Istiqbolli konlarda yiliga 500 ming metrgacha burg‘ilash ishlarini olib borish imkoniyatimiz mavjud , - dedi Djamal Fayzullayev. 

 

Do‘stona va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga hamda uchrashuvda belgilangan hamkorlikdagi ishlar yo‘l xaritasini ishlab chiqib, shu asosda ishlarni yanada  jadallashtirishga kelishib olindi.

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati