Awesome Image

KASB BAYRAMI KO‘TARINKI RUHDA NISHONLANDI

Bugun, 18 may kuni “Navoiyuran” davlat korxonasi faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda tizimda fidokorona mehnat qilib kelayotgan jamoa mehnatkashlari, faxriylar hamda soha fidoyilari ishtirok etishdi.

 

Tadbir avvalida korxona bosh direktori J.Xasanov tizimda mehnat faoliyatini olib borayotgan konchi va metallurglar, geolog va geotexnologlar, muhandis-texnik xodimlarni bayram bilan tabriklab, ularga eng samimiy va ezgu tilaklarini bildirdi.

 

Shundan so‘ng, korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami munosabati bilan 11 nafar soha ilg‘orlari I, II va III-darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

 

Bundan tashqari, “Navoiyuran” davlat korxonasi ma’muriyati va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasining Qo‘shma qaroriga asosan korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki hamda sana munosabati bilan 6 nafar xodimga “Navoiyuran faxriysi” unvoni hamda 15 nafariga korxonaning “Faxriy yorlig‘i” topshirildi. 

 

Tantanali tadbir davomida “Farhod” va “Yoshlik” madaniyat saroylari badiiy jamoalari hamda xonandalarining kuy-qo‘shiq va raqslari barchaga birdek bayramona kayfiyat ulashdi.

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati