Ma’lumki, yurtimiz tarixida ilk bor Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga asosan 2017-yildan boshlab avgust oyining ikkinchi yakshanba kuni “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” deb e’lon qilindi.
Bugun, 11-avgust kuni sana munosabati bilan Zafarobod qo‘rg‘onida tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda “Navoiyuran” DK tizimida mehnat faoliyatini olib borayotgan qurilish sohasi xodimlari – muhandislar, me’morlar, loyihachilar, bo‘yoqchi va suvoqchilar, barcha ishchi-xizmatchilar ishtirok etishdi.
Dastlab, korxona bosh direktori J.Xasanov O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan barcha quruvchilarni tabrikladi. Jonajon korxonamizning qurilish sohasini ravnaq toptirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan quruvchilarga samimiy va ezgu tilaklarini bildirdi.
Shundan so‘ng, qutlug‘ sana munosabati bilan mamlakatimiz qurilish sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, korxonamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, zamonaviy ob’ektlarni barpo etish borasidagi katta xizmatlari hamda sohaga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlashdagi faol ishtiroki uchun korxonaning bir guruh xodimlari munosib taqdirlandi.
Xususan, “Navoiyuran” DK Kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Diyorjon Xamidovga III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, “Zafarobod” kon boshqarmasidan S.Erkaev, Sh.Ermaxanov, Sh.Xamitov va F.Negboevlar, “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni bo‘yicha O.Saitov, “Nurobod” ishlab chiqarish maydonidan P.Achilov, “Uran va noyob metallar geologiyasi” IIChMdan R.Idievlarga korxona ma’muriyati va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining Faxriy yorlig‘i, Tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirning bayramona qismida “Yoshlik” madaniyat va sport markazi badiiy jamoalari va xonandalarining konsert dasturi yig‘ilganlarga armug‘on etildi.
Dilbar kuy-qo‘shiq va raqslar davraga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
✍️"Navoiyuran" DK axborot xizmati