Bugungi kunda geodezik o‘lchashlarni amalga oshirishda qo‘llaniladigan geodezik asboblarning yangi avlodlaridan amaliyotda foydalanish orqali geodezik ishlarni bajarish bir qadar osonlashdi, tezkorlikga erishildi va aniqlik ham yuqori ko‘rsatkichlarda qayd etilmoqda.
“Navoiyuran” davlat korxonasida ham zamonaviy geodezik asboblardan foydalanish jarayonlari kompyuterlashgan tizimga asoslangan holda olib borilmoqda va olingan natijalarni qayta ishlash ham shu zahotiyoq joyida amalga oshirilib, ish unumdorligini oshirilishiga va ma’lumotlarning aniqligiga erishilmoqda.
Korxonada o‘tkazilgan navbatdagi o‘quv seminari xodimlarni ana shunday zamonaviy geodezik va marksheyderlik uskunalari bilan ishlash, ulardan foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga qaratildi.
Seminarda Shveysariyaning “Leica Geosystems AG” kompaniyasining Toshkent shahridagi vakolatxonasi bo‘lgan “BNZ Industrial Support” MChJ uskunalari mutaxassislar tomonidan taqdimot qilindi va uskunalarni ishlatish bo‘yicha tushunchalar berildi.
O‘quv kurslari korxona marksheyderlik xizmati tomonidan o‘tkazildi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati