Awesome Image

Mahalliylashtirish: imkoniyatlar va istiqbollar

Tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini oshirish iqtisodiyotni yanada jadal va barqaror rivojlantirish, uning tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi, samarali texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirishda ulkan ahamiyatga ega.

Shuning uchun ham O‘zbekistonda mahalliylashtirish sanoatni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish resurslaridan keng foydalanish va shu asosda zamonaviy raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni ta’minlaydi. “Navoiyuran” DK respublikamizdagi yagona tabiiy uran ishlab chiqaruvchi sanoat korxonasi sifatida import o‘rnini bosuvchi turli xildagi mahsulotlar, xususan, burg‘ilash uskunalari, kompressor qurilmalari va ehtiyot qismlarga bo‘lgan talabi ortib bormoqda. Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki ularni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilishdan asosiy maqsad bu mahsulot tannarxini kamaytirish va valyuta zaxirasini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Shu bois, korxonada tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Korxonada bu borada qabul qilingan dastur ijrosi bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

O‘tgan 2023 yil davomida korxonada Mahalliylashtirish dasturi doirasida 17 ta loyiha bo‘yicha qiymati 44,5 mlrd. so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilib, 2022 yilga nisbatan mahsulotlar ishlab chiqarish qiymati qariyb 3 barobarga, mahsulot turi bo‘yicha esa 2 barobarga o‘sishga erishildi.

Xususan, 2022 yilda ishga tushirilgan "Zafarobod" kon boshqarmasi tasarrufidagi 2-Geotexnologik kon hududidagi yangi “Burg‘ilash uskunalarining ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish uchastkasi” imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda dastur doirasida qiymati
1,6 mlrd. so‘mlik 6 ta loyiha bo‘yicha burg‘ilash uskunalari uchun 40 turdan ortiq zaruriy butlovchi hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqarildi. Shuningdek, korxonaning “Nurobod” ishlab chiqarish maydoni Plastmassa quvurlari va mahsulotlarini ishlab chiqarish sexida qiymati 20 mlrd. so‘mlik turli xil o‘lchamdagi polivinilxlorid quvurlarni ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Bundan tashqari, “Uchquduq” ishlab chiqarish maydonining Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi ichki quvvatlaridan samarali foydalangan holda qiymati 2,6 mlrd. so‘mlik sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llaniladigan sovutgichlarni ishlab chiqarishga erishildi.  

Korxona ichki talabidan kelib chiqqan holda, ehtiyojni ichki bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qanoatlantirilishi ortiqcha vaqt va xarajatlarning oldini olish bilan birga, yurtimizda yangi korxonalar tashkil etilishiga va mavjud korxonalarni ish hajmi va daromadlarining oshishiga olib keladi.

 “Navoiyuran” DK mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “shatakka olish” mexanizmi joriy etilgan. Buning natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya aloqalari yildan-yilga kengayib bormoqda. Birgina 2023 yilda korxona tomonidan “shatakka olish” mexanizmi asosida o‘ndan ortiq korxonalardan kooperatsiya asosida qiymati 82,3 mlrd. so‘mlik mahsulotlar xarid qilindi.

Shatakka olish deganda salohiyati bor yirik korxonalar o‘zining ehtiyoji uchun kichik va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirishda, mahsulotlar sifatini talab darajagacha yetkazishda, konstruktorlik va texnologik ishlarida ko‘maklashish va mahsulotni xarid qilish tushuniladi.


Misol uchun, Toshkent viloyatidagi “Krantas Group” MChJ hamda Navoiy viloyatida joylashgan “Gidro Stanko Servis” MChJ va “Bur Kompressor Navoiy” MChJlarda korxona ishlab chiqarish faoliyatidagi zaruriy texnika hisoblanadigan burg‘ilash uskunalarini, “Aziya-Gormash” MChJda sharoshkali iskanalarni, “Navpromlitmash” MChJda kompressor qurilmalari uchun filtrlarni, “Solar energy Navoiy” MChJda fotoelektrik stansiya va sanoat quyosh suv isitish qurilmalarini, “Xomashyo-sifat servis” XKda zanglamaydigan payvandlash elektrodlarini, “Janubsanoatmontaj” AJda hajmi 630m3lik gidrosborniklarni, “Navoiy Prof Stal Servis” XKda ishchi-xodimlar yashashi va ishlashi uchun vagon-binolarni, “Ihlas Elektrik” MChJda turli xil LED chiroq va lampalarni, “Navpolimerplast” MChJda yopishqoq PVX lentalarni ishlab chiqarish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik yaxshi natijalar bermoqda.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish davlat iqtisodiyoti uchun har jihatdan foydalidir. Bu qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va tarmoqning jadal rivojlanishini ta’minlaydi. Shuningdek, xarajatlarni kamaytirishga, buyumlarning tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini qisqartirishga, muhimi materiallarni yetkazib berish uchun zarur vaqtni tejab, ishlab chiqarishdagi uzilishlar xavfini bartaraf etadi.

Mamlakatimizda mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 11 maydagi “2023 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 195-son qaroriga asosan “Navoiyuran” davlat korxonasi vakillari Jizzax, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Navoiy, Chirchiq va Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tgan hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarida ishtirok etdi. Buning natijasida yil davomida yuzdan ortiq mahalliy korxonalar bilan
327,1 mlrd. so‘mlik jami 480 ta shartnomalar rasmiylashtirishga erishildi. Shu bilan birgalikda, korxonaning import  tovarlarini respublika korxonalarida mahalliylashtirish va ular bilan kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida bir qator hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Bu kabi sanoat yarmarkalari korxonaga kichik biznes va xususiy korxonalar bilan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish imkonini berdi.

2023 yilda “Navoiyuran” davlat korxonasida importni qisqartirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 12,9 mln. dollarni tashkil etib, o‘sish sur’ati 160,7 foizga bajarildi.

Ichki imkoniyatlardan foydalanib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi loyihalar evaziga mahsulot turlarini ko‘paytirish, import o‘rnini to‘ldirish, bu kabi mahsulotlarni korxonaning o‘zida ishlab chiqarish lozimligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, bugungi o‘zgaruvchan sharoitda iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishini ta’minlashning eng samarali yo‘li – ichki imkoniyatlarni ishga solish, ya’ni import bo‘layotgan tayyor mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishdir. Bu borada sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni yanada kengaytirish masalasi dolzarb bo‘lib qoladi. “Navoiyuran” DK ham mazkur sohani yanada jadal rivojlantirishni ta’minlash maqsadida foydalanilmayotgan muayyan zaxira va imkoniyatlardan foydalanish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalar hayotga tatbiq etilishi nafaqat yangi ish o‘rinlarni yaratish, qolaversa korxona moliyaviy-iqtisodiy mustaqillikka erishib, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tan narxini kamaytirishga erishish muhimdir.

 

 

Guljaxon Adizova

“Navoiyuran” DK Xaridlarni

rejalashtirish va

mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i