Awesome Image

Markaziy fizika-kimyoviy laboratoriyasi: aniq tahlil yuqori samaradorlik omili

“Navoiyuran” davlat korxonasi “Zafarobod” kon boshqarmasi tarkibida 53 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Markaziy fizik-kimyoviy laboratoriyasi kon-metallurgiya sanoatida boy tajribaga ega muassasa hisoblanadi. Jamoa tarkibini asosan xotin-qizlar tashkil qiladi. Bugungi kunda laboratoriyada jami 65 nafar xodim o‘z mehnat faoliyatini olib bormoqda. Jamoada kimyoviy tahlillar o‘tkazuvchi laborantlardan tashqari, mehnat sharoitlarini nazorat qilish va atrof-muhit muhofazasi, radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha guruh ham mavjud. Ushbu guruhda dozimetristlar o‘z xizmatlarini olib boradi.

O‘tgan 2023-yil davomida laboratoriya tomonidan ko‘pgina tahlil natijalari amalga oshirildi. Xususan, “Zafarobod” kon boshqarmasi bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan texnologik jarayonlarning texnologik nazorat xaritasiga muvofiq konda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotlar, qazib olingan mahsuldor eritmalar, texnologik jarayonlarning barcha bosqichlaridan so‘ngi eritmalar, geotexnologik so‘riluvchi va quyuluvchi quduqlaridan olinadigan namunalar, shu jumladan kon boshqarmaning barcha hududlaridan chiqayotgan chiqindi suvlar, kuzatuvchi quduqlarlardan olinadigan namunalar, oqava va ichimlik suvlarining tarkibiy-kimyoviy tahlillari olib borildi.

Hozirda laboratoriyada kuniga o‘rtacha 2050 ta turli xildagi kimyoviy tahlillar olib borilmoqda.
Laboratoriya tarkibidagi mehnat sharoitlarini nazorat qilish va atrof muhit muhofazasi, radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha guruh ham o‘z xizmat vazifalarini sharaf bilan bajarib kelishmoqda. Guruh laborantlari tomonidan tabiiy ichimlik va chiqindi suvlardagi zararli kimyoviy moddalarning tarkibi hamda sanoat chiqindilaridagi zararli kimyoviy moddalarning atmosferaga chiqishi, korxona binolari havosi tarkibidagi nurlanishni dozimetrik o‘lchovlarini olib borish, bo‘linmalarda yer osti oqova suvlari  va ichimlik suvlari chiqindilari tarkibini nurlanishga doir dozimetrik o‘lchovlarini olib borish, korxona tomonidan foydalanish uchun olingan yerlarda foydali komponentlarni qazib olish ishlari yakunlangandan so‘ng, rekultivatsiyadan oldin va keyingi tuproq tarkibini dozimetrik o‘lchov nazoratidan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, texnologik uskunalarning foydalanishga yaroqsiz hollarida hosil bo‘lgan metal parchalari, ishga yaroqsiz ehtiyot qismlari va kon boshqarma hududida faoliyat yuritayotgan barcha bo‘linmalarning nurlanish-dozimetrik tekshiruvlari o‘tkazildi. Kon boshqarma hududiga yaqin joylashgan Konimex tumani va Zafarobod qo‘rg‘oni hududlarini atrof-muhiti holatini kuzatish, havo, tuproq, tabiiy ichimlik va chiqindi suvlarini dozimetrik tekshiruvlarini olib borish, kon boshqarmaning sanoat va ijtimoiy ob’ektlarida sanitariya-gigiena me’yorlariga muvofiqligi va ish joylaridagi mehnat sharoitlari, atrof-muhit holati va uning ifloslanishini oldini olish maqsadida nazorat va dozimetrik o‘lchovlar kabi ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga kon boshqarmaning mutaxasislari tomonidan texnologik jarayonlarda yuzaga keladigan qiyinchiliklar, ya’ni quduqlarning filtr zonalarini bitish sababi, ularni ochish yuzasidan, qo‘shimcha mahsulot sifatida ajratib olish nazarda tutilgan molibden elementini ajratib olish, kon boshqarmada ishlab chiqariladigan qo‘shimcha mahsulot ammoniy perrenati ishlab chiqarish texnologik jarayonlarida xarajatlarni qisqartirish yuzasidan olib borilgan laboratiriya ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, olingan natijalarni to‘liq kimyoviy tahlillari o‘tkazildi.

2023-yilda “Navoiyuran” davlat korxonasi va “Nurlikum mining” qo‘shma korxonasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, Markaziy fizika-kimyoviy laboratoriyasi mutaxassislari barcha namunalar tarkibining umumiy kimyoviy tahlillarini o‘tkazmoqda.

Shuningdek, “Uchquduq” va “Nurobod” ishlab chiqarish maydoni tomonidan keltirilgan ayrim namunalar ham tahlil qilinishida laboratoriya mutaxassislarining hissasi katta bo‘lmoqda.  

 

“Navoiyuran” DK axborot PR xizmati