Awesome Image

MEHNAT FAXRIYLARI VA KEKSA NURONIYLARGA EHTIROM KO‘RSATILDI

Ona diyorimizga barchamiz orziqib kutgan, go‘zal va dilbar fasl bahorning elchisi – Navro‘zi olam kirib kelmoqda. Ana shu ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil arafasida sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan va yosh avlod vakillari bo‘lgan mutaxassislarga shaxsiy namuna ko‘rsatib, ustoz maqomida ishlab kelayotgan yoshi ulug‘ xodimlarga ehtirom ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish azaliy an’analar sirasiga kiradi.

Bugun "Oqshom" tantanalar maskanida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda ham konchilik va metallurgiya sohasida ko‘p yillar mehnat faoliyatini olib borgan bir guruh pensiyadagi faxriylar taklif etilib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatildi, doshqozonlarga osh damlanib, bayramona dasturxon bezatildi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari kengashi raisi A.Farmanov, NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi I.Rahmatov va “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori J.Xasanov yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklashdi.

“NKMK” AJ, “Navoiyuran” DK va “NKMK jamg‘armasi” DM mehnat faxriylarining tajribalari doimo yoshlarga namuna maktabi bo‘lib kelgani, ularning fidoyilik bilan soha rivoji yo‘lida olib borgan ishlari sabab ko‘plab yutuqlarga erishilgani e’tirof etildi.

Samimiy va qizg‘in suhbatlarga boy bo‘lgan, shirin diydorlashuv bilan o‘tgan va albatta bayramona tilaklar bildirilgan uchrashuvda yurtga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarga farovonlik va fayzu baraka so‘rab, duolar qilindi.

Tantana davomida “Farhod” madaniyat saroyining badiiy jamoalari tomonidan yangragan kuy-qo‘shiq va raqslar davraga yanada ko‘tarinkilik va bayramona kayfiyat ulashdi.  

  "Navoiyuran" DK axborot xizmati