Awesome Image

“NAVOIYURAN”DA KASB BAYRAMI KO‘TARINKI RUHDA NIShONLANDI

Joriy yilning 22-may kuni Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yoshlik” madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda "Navoiyuran" davlat korxonasi tizimida fidokorona mehnat qilib kelayotgan jamoa mehnatkashlari, faxriylar, xalqaro hamkorlar hamda soha fidoyilari ishtirok etishdi.   

 

Tadbirda korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami munosabati bilan 9 nafar soha ilg‘orlari II va III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, 16 nafari Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandilar.  

 

Shuningdek, "Navoiyuran" davlat korxonasi ma’muriyati va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasining Qo‘shma qaroriga asosan korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki hamda sana munosabati bilan 5 nafar xodimga "Navoiyuran faxriysi” unvoni hamda 14 nafariga korxonaning “Faxriy yorlig‘i” topshirildi.

 

Bayram shodiyonalari Zafarobod qo‘rg‘onidagi o‘yingohda tantanali  konsert dasturiga ulanib ketdi.

 

Tadbirda "Navoiyuran" DK "Zafarobod" kon boshqarmasi ishchi-xodimlari va ularning oila a’zolari, Zafarobod qo‘rg‘oni aholisi va keng jamoatchilik vakillari hamda xalqaro hamkorlar ishtirok etishdi.

 

Tantanali tadbirda kasb bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning "Navoiyuran" davlat korxonasi mehnat jamoasiga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.  

 

Tabrikda “Mamlakatimizda strategik islohotlarning yangi bosqichi boshlangan bugungi kunda butun xalqimiz, jumladan, "Navoiyuran" davlat korxonasi jamoasi oldida ham g‘oyat muhim vazifalar turibdi.

 

Xususan, 2030 yilga qadar korxonada 550 million dollarlik 11 ta loyihani amalga oshirish orqali, uran zaxiralarini 100 ming tonnaga yetkazish, ishlab chiqarishni 3 barobarga oshirish ko‘zda tutilgan.

 

Mamalakatimiz hayotida muhim o‘rin tutuvchi ushbu korxonaga Davlatimiz Rahbari tomonlaridan yuksak ishonch bildirilgani albatta Sizlarga yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Aytish mumkinki, bu milliy uran sanoati tarixida ulkan voqe’likdir.

 

Ushbu korxonaning yuksak professional, malakali, ahil va iste’dodli jamoasi hamda boy tajriba va mahoratga ega mutaxassislari ana shunday keng miqyosli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishiga ishonaman” deya korxona mehnat jamoasining yutuqlari eʼtirof etildi.

 

O‘z navbatida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari, "Navoiyuran" davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayev tizimda mehnat faoliyatini olib borayotgan konchi va metallurglarni va barcha soha xodimlarini bayram bilan tabriklab, ularga eng samimiy va ezgu tilaklarini bildirdi.

 

Mamlakatimizning sanoati va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish va aholi farovonligini ta’minlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Jonajon korxonamiz "Navoiyuran" ham ana shu tarixning yorqin ifodasidir.    

 

Konchilik va metallurgiya sanoati mamlakatimiz uchun muhim, strategik ahamiyatga ega tarmoqlardan biri bo‘lib, ayniqsa, mustaqillik yillarida ularning haqiqiy mehnat jasorati hayotimizda to‘la o‘z ifodasini topdi.

 

Sizlar har yili Davlatimiz rahbariyati tomonidan belgilangan rejalarni sharaf bilan uddalab, kasb bayramlarimizni ulkan iqtisodiy yutuqlar bilan qarshi olmoqdasizlar, dedi Bosh direktor o‘z tabrigida. 

 

Bayram tantanasida "Navoiy kon metallurgiya kombinati" AJ Xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi I.Raxmatov va Konimex tumani hokimi R.Ro‘ziyevlar ishtirok etib, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini mustahkamlashda munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.

 

Zafarobodliklarga, konchi va metallurglarga hamda ularning oila a’zolariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida “Nihol” davlat mukofoti sovrindori, xonanda Bunyodbek Saidov o‘zining konsert dasturini namoyish etdi.

Bayram konserti rang-barang mushakbozlik bilan yakunlandi.

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati