Awesome Image

“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Dj.Fayzullayevning Yangi 2024-yil munosabati bilan korxona jamoasiga bayram tabrigi

Hurmatli hamkasblar, aziz do‘stlar!

Sizlarni zo‘r quvonch, yaxshi niyatlar bilan kirib kelayotgan Yangi - 2024 yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Joriy yil yurtimiz va yurtdoshlarimiz, jumladan, korxonamiz uchun ham eng sermahsul va esda qolarli yillardan biri bo‘ldi. Bugun hurmatli Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonning yangi tarixi yaratilmoqda. Hayotbaxsh islohotlarning amaliy samaralari barchamizni yuksak marralar sari ruhlantirmoqda. Davlatimiz Rahbari tomonidan geologiya sohasi, xususan, uran tarmog‘ini rivojlantirishga qanchalar katta e’tibor qaratayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu yuksak professional va malakali ahil jamoamizni katta dovonlarni egallashga chorlayapti.

Qadrli hamkasblar!

Sizlarning fidokorona mehnatlaringiz tufayli 2023 yilda salmoqli yutuqlarga erishdik. Korxonada tabiiy uran va noyob metallar ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan yillik rejalar sharaf bilan uddalandi. Bunda konchi va geotexnologlarimiz, energetik va texnologlarimiz, laborant va korxonamizning boshqa kasb egalarining fidokorona mehnatlari mujassamdir.

Joriy yilda amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, 6,5 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va 336 mln dollarlik mahsulot eksport qilishga erishdik. Belgilagan barcha rejalar ortig‘i bilan bajarildi. Ushbu yutuqlarga qo‘shgan munosib hissangiz uchun o‘zimning samimiy tashakkurimni bildiraman.

Joriy yil Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi bir qator rivojlangan xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi, mutaxassislarimiz xizmat safarlarida bo‘lishib, jahonning ilg‘or tajribasini o‘rganish va o‘zimizda tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Yangi manzil sifatida Hindiston davlatiga mahsulotimizning ilk bosqichi eksportga jo‘natildi. “Nurlikum mining” qo‘shma korxonasi faoliyatini jadallashtirish masalalari fransiyalik mutaxassislar ishtirokida bir necha bor muhokama etildi. “Cert international” xalqaro sertifikatlash tashkilotining talablariga muvofiq Integratsiyalashgan Boshqaruv Tizimi joriy etilib, bir qancha milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdik. Korxonamiz vakillari Jizzax, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Navoiy va Chirchiq shaharlarida bo‘lgan tarmoqlararo sanoat yarmarkasida o‘z takliflari bilan ishtirok etdi. Buning natijasida yil davomida yuzdan ortiq mahalliy korxonalar bilan 327 mlrd. so‘mlik shartnomalar tuzildi.

Korxonamizda 7 ta Investitsiya dasturi doirasida 62 mln. dollar miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirildi. 5 mln dollarga teng bo‘lgan “Aktau konida ruda qazish maydonini qurish” investitsiya loyihasi ishga tushirildi. 2023 yil Mahalliylashtirish dasturi doirasida qiymati 44,2 mlrd so‘m bo‘lgan 17 ta loyiha, shu jumladan, 11,1 mlrd. so‘mlik 14 ta yangi va kengaytirilgan loyiha bo‘yicha yuzdan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Konlarda texnologik quduqlarni burg‘ilash va qurish uchun 20 ta yangi burg‘ilash uskunalari xarid qilindi va geotexnologik konlarga o‘rnatildi. Albatta bu ishlar Davlatimiz Rahbari tomonidan korxonamiz zimmasiga yuklatilgan 2030 yilga qadar uran ishlab chiqarish hajmini uch barobarga oshirish vazifasini amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Bugun korxonamizda xodimlarning hayot sifati va mehnat sharoitlarini doimiy ravishda yaxshilashga qaratilgan “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tizimli amalga oshirib kelinmoqda. “Nurobod” ishlab chiqarish maydoniga qarashli plastmassa quvurlari va mahsulotlari sexining ma’muriy-maishiy binosi foydalanishga topshirilgani ham ushbu ishlarning amaliy ifodasidir.

Korxonamiz jamoasi ‘‘Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili" davlat dasturida belgilangan ijtimoiy masalalar yuzasidan ham ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘ldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va pensionerlar holidan doimiy xabar olinib, ular ham moddiy, ham ma’naviy qo‘llab-quvvatlandi. 

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida korxonamiz ishchi-xodimlari ham jonbozlik ko‘rsatib, tarkibiy bo‘linmalar hududidagi o‘nlab gektar maydonlarga daraxt ko‘chatlari ekildi.

Aziz do'stlar!

Yangi yilda korxonamiz jamoasi oldida yanada sharafli vazifalar turibdi. Kelgusi yilda ham juda katta ishlarni amalga oshirishni niyat qilganmiz. Barchamiz yelkadosh bo‘lib, hamjihatlikda ishlasak, har qanday topshiriqlarni uddalashimizga, bu yo‘lda bor shijoatingiz, bilim va tajribangizni korxonamiz ravnaqiga safarbar etishlaringizga ishonaman. Ezgu maqsadlarimizni amalga oshirish yo‘lida sizlarga mustahkam sog‘lik, kuch-quvvat va omadlar yor bo‘lishini tilayman.

Fursatdan foydalanib, yana bir bor sizlarni kirib kelayotgan Yangi – 2024 yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Ilohim, Yangi yil har bir yurtdoshimizga, korxonamiz jamoasining har bir oila a’zosiga sihat-salomatlik, baxtu saodat va ulkan muvaffaqiyatlar olib kelsin! Yangi yilda xonadoningizdan cheksiz quvonch, fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!

Jonajon korxonamiz gullab-yashnayversin!

 

“Navoiyuran” DK Bosh direktori

Dj.Fayzullayev