Awesome Image

“Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori J.Xasanovning 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Qadrli, munis va mehribon opa-singillar!

 

Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni, jamoamizda mehnat faoliyatini olib borayotgan xotin-qizlarni ezgulik va go‘zallik bayrami  8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabriklayman!

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

 

Muhtarama opa-singillar!

Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini ta’minlash bugun davlat siyosati darajasida ekanligi hech kimga sir emas.  

Quvonarlisi, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini himoyalash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan bunday chora-tadbirlar jonajon korxonamiz hayotida ham o‘z ifodasini topib bormoqda.

Bugungi kunda korxonamizda mehnat qilayotgan 8400 nafar ishchi-xodimlarning 900 nafarga yaqinini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ularning 55 nafari esa rahbarlik lavozimlarida ishlaydi. Ushbu opa-singillarimiz uran ishlab chiqarishning turli jabhalarida, xususan, uran zavodi, ishlab chiqarish maydonlari, geotexnologik konlar va laboratoriyalarda xormay-tolmay erkaklarimiz bilan bir safda yelkama-yelka xizmat qilib kelishmoqda.

Ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, moddiy rag‘batlantirish, kasbiy, jismoniy, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida korxonamiz kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan birgalikda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 61 nafar opa-singillarimiz, 33 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj va pensiyadagi xotin-qizlarimiz “Metallurg”, “Nurobod”, “NKMK” kabi sanatoriy-profilaktoriylarda dam olishlari tashkil etildi.

Ahamiyatlisi, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan amaldagi qonunchiligimizda nazarda tutilgan bandlarning barchasi korxonamiz Jamoa shartnomasida ham o‘z aksini topgan.

 

Muhtarama ayollar, lobar qizlar!

Korxonamizda ham ilg‘or, ishning ko‘zini biladigan, o‘z kasbining zukko bilimdoni bo‘lgan opa-singillarimizning saflari tobora kengayib borayotgani, ular yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shayotganlari, albatta, barchamizga faxr-iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi.

Yana shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash lozimki, jonajon korxonamizda ilk bor Xotin-kizlar Kengashi tuzildi va uning raisi hamda 6 nafar a’zodan iborat tarkibi tasdiqlab olindi.

Ushbu Kengashga korxona bo‘linmalaridagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ullarning faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vazifalari yuklatildi.

 

Hurmatli onaxonlar, opa-singillar, munis qizlar!

Ushbu ajoyib bahor bayramida barchangizga sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu-baraka tilayman. Doimo yuzingizdan kulgu, lablaringizdan tabassum arimasin, qalbingizni hech qachon bahoriy chiroy va a’lo kayfiyat aslo tark etmasin.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz va mo‘tabar opa-singillar!