Awesome Image

“Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori J.Xasanovning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli korxonamiz jamoasi, qadrli hamkasblar!

Ayni kunlarda mamlakatimiz hayotidagi unutilmas tarixiy voqea – jonajon O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishgan kunning o‘ttiz ikki yilligini keng nishonlamoqdamiz.
Avvalambor, Siz azizlarni va sizlarning timsolingizda butun korxonamizda mehnat qilayotgan ko‘p ming sonli ahil jamoasini eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Joriy yilda mamlakatimizda bayram tadbirlari Vatanimizda amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlarning bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan “Yangi hayot

uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan bir necha bor ta’kidlanganidek, Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqealar, xususan, yangilangan Konstitutsiyamizning

qabul qilinishi el-yurtimiz Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi.

Qadrli do‘stlar!

Har yili mustaqillik bayrami arafasida yutuqlarimizni sarhisob qilish an’anaga aylangan. Bu yil ham quyidagi raqamlar ko‘lami va salmog‘i jihatidan o‘tgan yilga nisbatan ancha yuqoridir. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida korxonamiz tomonidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,7 trillion so‘m yoki prognozga nisbatan 107 foizni, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilning mos davriga ko‘ra 109 foizni tashkil etdi. Tabiiy uran ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichi 107 foizga bajarildi hamda o‘sish sur’ati 110 foizni tashkil etdi, burg‘ilash ishlari 112 foizga bajarilib, o‘sish sur’ati esa 127 foizni tashkil etdi.

Eksport hajmi ko‘rsatkichlari 125 foizga ta’minlandi va o‘sish sur’ati 154 foizni tashkil etdi. Importni qisqartirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 8 million dollarga yoki prognozga nisbatan 101 foizga bajarildi hamda o‘sish sur’ati 156 foizni tashkil etdi.

Investitsiya dasturi doirasida 37,3 million dollarlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati ikki barobardan ortiqni

tashkil etdi. Mahalliylashtirish dasturidagi 17 ta loyiha doirasida 28,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 102 foizga bajarildi va o‘sish sur’ati 2,7 barobarga ta’minlandi.

Shuningdek, har yili Investitsiya va boshqa dasturlar doirasida bir nechta ob’ektlarni foydalanishga topshirayapmiz. Albatta, ushbu maqsadlarga, yuqoridagi ko‘rsatkich va natijalarga korxonaning oddiy chilangar, apparatchi, burg‘ilovchi, laborantidan tortib, korxona boshqarmasi rahbariyatigacha bo‘lgan barcha jonkuyar, fidoiy va ahil jamoasining mehnati orqali erishilmoqda.

Shu munosabat bilan ushbu bayramona kunlarda jamoamizning barcha vakillariga, o‘z kasbining fidoiylariga vijdonan mehnat qilayotganlari uchun minnatdorchilik bildiraman.

Yana bir bor ta’kidlaymanki, faqat har birimizning fidokorona mehnatimiz tufayligina Yangi O‘zbekiston ravnaqi uchun “Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimizning jahon uran eksportchilari bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.

Men mamnuniyat bilan yana bir xushxabarni Siz azizlarga yetkazmoqchiman.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan “Uchquduq” geotexnologik koni burg‘ilash qurilmasi mashinisti Utashyev Baxtiyor Sadikovich “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Hamkasbimizni ushbu yuksak davlat mukofoti bilan muborakbod etib, uning kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Bunday fidoyi hamkasblarimiz safi yanada kengayaversin.

 

Aziz hamkasblar!

Sizlarni yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman! Sizlarga mustahkam sog‘lik, ulkan oilaviy baxt, tinchlik, totuvlik, hamjihatlik va farovonlik tilayman. Hayotingizning har bir kuni mehr, shodu xurramlik va yangi zafarlarga to‘lsin, amalga oshirayotgan ezgu ishlaringiz esa jonajon O‘zbekistonimiz shon-shuhratini yuksaltirishga xizmat qilsin!  

Bayramingiz muborak bo‘lsin!