Awesome Image

“Navoiyuran” davlat korxonasi raqamlashtirilgan zamonaviy kompaniyaga aylanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022 — 2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-319-son qaroriga asosan Korxona faoliyatida ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali korxonani zamonaviy va raqobatbardosh kompaniyaga aylantirish vazifasi belgilangan bo‘lib, bugungi kunda qaror ijrosini ta’minlash maqsadida muayyan ishlar olib borilmoqda.

Buning uchun korxonada mavjud tizimlardan olinadigan ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yangi tizimga integratsiya qilish choralarni ko‘rilmoqda. Shuningdek, korxonaga IT yo‘nalishidagi yuqori malakali xodimlarni va raqamli transformatsiya bo‘yicha tajribaga ega xorijiy va mahalliy kompaniyalar bilan o‘rnatilgan tartibda hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Raqamli transformatsiya - bu tashkilot raqamli texnologiyalarni o‘z biznesining barcha sohalariga integratsiyalash uchun foydalanadigan jarayon bo‘lib, mijozlar va hamkorlar uchun o‘z xizmatlarining salohiyatini keskin o‘zgartiradi. Bugun korxona o‘zgaruvchan bozor talablariga yaxshiroq moslashadigan shaffof va operatsion o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun innovatsion raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirmoqda.

Xususan, korxonaning SCADA (supervisory control and data acquisition) tizimini takomillashtirish doirasida “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi geologik laboratoriyasi faoliyatining asosiy biznes jarayonlarini raqamlashtirish ishlari boshlandi. Bunda namunalarni tahlil qilish, birlamchi ma’lumotlarni kiritish, operatsiyalarni hisobga olish, tahlil qilinayotgan namunalar bo‘yicha tartibga solinadigan va tahliliy hisobotlarni raqamlashtirish bo‘yicha “Laboratoriya ma’lumotlarini avtomatlashgan boshqarish - LMAB” tizimini yaratish uchun texnik topshiriq ishlab chiqildi. Dasturiy ta’minotni ishlab chiqish uchun elektron tanlov tashkil etilib, tanlov natijasiga ko‘ra “IT Works” kompaniyasi g‘olib deb topildi va u bilan shartnoma imzolandi. Bugungi kunda elektron tizim to‘liq ishlab chiqildi va xodimlarni o‘qitish ishlari olib borilmoqda.

Tizimni joriy qilishda laboratoriya faoliyati avtomatlashtirildi hamda namunalarni QR-kod orqali kuzatish imkoniyati yaratilmoqda.

Yagona integratsiyalashgan axborot muhitini yaratish va laboratoriya tadqiqotlarini sifatli tashkil etish orqali biznes-jarayonlarni takomillashtirish natijasida korxonaning laboratoriya boshqaruv jarayonlari samaradorligi oshirildi.

Ushbu tizimni yaratish jarayonida bir qator natijalarga erishiladi.

Jumladan, laboratoriyalar ustidan markazlashtirilgan nazorat va yagona boshqaruv  tizimi joriy qilinadi, natijalarni olish muddatlarini qisqartirish va laboratoriya tahlillari bo‘yicha ma’lumotlarni olish tezligi oshiriladi, boshqa turdosh laboratoriyalar bilan operativ hamkorlik qilish imkoniyatini yaratiladi, xodimlarning mehnat samaradorligi oshiriladi, namunalar bilan ishlash vaqti optimallashtiriladi, namunalar qabul qilingan paytdan boshlab laboratoriya natijalarini olishgacha bo‘lgan vaqtni qisqartirish orqali tahlillarning samaradorligi oshiriladi,  dispetcherlar, laborantlar faoliyati to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish, shuningdek, turli hisobotlarni shakllantirish orqali bo‘limlar ishini rejalashtirish imkoniyati yaratiladi, namunalarning harakatlanish vaqti va yo‘nalishini nazorat qilish orqali xodimlarning intizomi yanada yaxshilanadi.

Shu bilan birga, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Kuzatuv kengashi yig‘ilishlarini, ovoz berish jarayonlarini hamda yig‘ilishni bayonlashtirish jarayonlari avtomatlashtirilgan e-protosol veb tizimi yaratildi.

Mazkur tizim orqali masofadan turib yig‘ilishlarni videokonferensiya aloqa yordamida tashkillashtirish, dasturda yig‘ilishlarda ko‘riladigan masalalar, ular bo‘yicha hujjat va ma’lumotlar elektron ravishda taqdim etish, yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan kuzatuv kengashi a’zolari tomonidan ovoz berish ishlari elektron amalga oshirish, yig‘ilish yakuni bilan dasturda yig‘ilish bayonini avtomatik ravishda shakllantirish, yig‘ilish bayonnomasini tasdiqlash elektron raqamli imzo orqali amalga oshirish va bayonnomani maxsus QR-kod yordamida kuzatuv kengashi raisi tomonidan tasdiqlash imkoniyatlari yaratildi.

 Shuningdek, yig‘ilishgacha masalalar yuzasidan paydo bo‘lgan savollarga aniqlik kiritish maqsadida dasturning o‘zida elektron chat yaratildi.

Ahamiyatlisi, dastur orqali o‘tkazilgan yig‘ilishlarni vidoeyozuvini yig‘ilish kotibi tomonidan yozib olish imkoniyati yaratilgan.

Raqamli transformatsiyadan maqsad zamonaviy raqamli iqtisodiyotda samarali faoliyat yurita oladigan va xalqaro bozor tamoyillariga moslasha oladigan kompaniyaning yangilangan barqaror biznes modelini yaratishdan iborat.

Bundan tashqari, qarorda belgilanganidek, korxonaning moliya, xaridlar, kadrlar, omborxonalar va eksportni to‘liq qamrab oladigan resurslarni boshqarish (ERP) axborot tizimini yaratildi hamda uran xom ashyosini qazib olish, dastlabki va oxirgi qayta ishlash bosqichlarini boshqarish bo‘yicha (SCADA) raqamlashtirilgan tizimi takomillashtiriladi.

Yuqoridagi dasturlar yuzasidan hozirda ekspluatatsiya ishlari boshlangan bo‘lib, xodimlarning dasturlarda ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘qitish ishlari olib borilmoqda.

 

“Navoiyuran” DK Loyiha ofisi Raqamli

transformatsiyani joriy etish

bo‘limi boshlig‘i                                                                       Javohir Xafizov