Awesome Image

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASI VAKILLARI JANUBIY KOREYADA MALAKA OSHIRMOQDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2022 — 2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining “Navoiyuran” davlat korxonasini rivojlantirish va transformatsiya qilish bo‘yicha “YO‘L XARITASI”da “Navoiyuran” davlat korxonasi tarkibidagi o‘quv markazi faoliyatini takomillashtirish, jumladan, xalqaro standartlar (WORLDSKILLS) asosida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash vazifalari belgilangan.

Shunga muvofiq “Navoiyuran” davlat korxonasi O‘quv markazida xalqaro Worldskills standartlari asosida kadrlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash, malaka toifasini berishning yangi tartibi va mexanizmini yaratish, xodimlarni rivojlangan davlatlarda malaka oshirish kurslarini tashkil etish maqsadida, “Worldskills Uzbekistan” - Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi va o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Ushbu Hamkorlik memorandumiga asosan Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida joriy yilning 7-10-mart kunlari bo‘lib o‘tayogan “WorldSkills International” xalqaro assotsiatsiyasi Bosh Assambleyasining VI yig‘ilishiga “Navoiyuran” davlat korxonasi vakillari ham taklif qilindi.

Bosh Assambleya “WorldSkills Asia” halqaro assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etildi. Assambleya doirasida “WorldSkills” standartlari bo‘yicha o‘quv dasturlariga qo‘yiladigan talablar, kasbiy malakani baholash tizimini joriy etish, a’zo mamlakatlarning o‘quv markazlarida bugungi kunda zamon talablariga mos kadrlar tayyorlash jarayonlari va tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish muhokamasi hamda o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Dasturga asosan, dastlab mehmonlar ishni “WorldSkills International” xalqaro assotsiatsiyasi bilan tanishishdan boshladi. Tashrifning ikkinchi kuni “WorldSkills International” xalqaro assotsiatsiyasining, xususan “Navoiyuran” davlat korxonasining ham korxona faoliyati to‘g‘risida taqdimotlari o‘tkazildi hamda “WorldSkills” standarti talablari bo‘yicha o‘quv-amaliy seminari tashkil etildi. Shuningdek, Kasb ta’limi markazlari faoliyati bilan tanishildi.

Tashrif doirasida delegatsiyamiz a’zolari “WorldSkills” standarti bo‘yicha kadrlar tayyorlash dasturi hamda kadrlarga qo‘yiladigan talablar yuzasidan seminarlarda ishtirok etishadi.

Shuningdek, “WorldSkills International” assosatsiyasining yig‘ilishi va assambleyadan erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar muhokama etiladi. Eng muhimi, “Navoiyuran” davlat korxonasiga assosatsiyasisha a’zo bo‘lganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, WorldSkills Asia notijorat uyushmasi bo‘lib, 2017-yilda BAAning poytaxti Abu-Dabi shahrida tashkil etilgan. WorldSkills Asia Osiyo yoshlarining ko‘nikmalarini shakllantirish va malaka oshirish bo‘yicha rivojlanishni rag‘batlantirish maqsadida Osiyo davlatlarini birlashtiradi. Assotsiatsiya to‘rtta asosiy yo‘nalishda ishlaydi: ko‘nikmalarni rivojlantirish, yoshlarga ta’lim berish, kadrlar tayyorlash va xalqaro hamkorlik.

 

"Navoiyuran" davlat korxonasi axborot xizmati