Awesome Image

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASIDA GO‘ZALLIK VA NAFOSAT AYYOMI NISHONLANDI

Bugungi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasida mehnat qilayotgan 8400 nafar ishchi-xodimlarning 900 nafarga yaqinini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ularning 55 nafari esa rahbarlik lavozimlarida ishlaydi. Ushbu opa-singillarimiz uran ishlab chiqarishning turli jabhalarida, xususan, uran zavodi, ishlab chiqarish maydonlari, geotexnologik konlar va laboratoriyalarda erkaklar bilan bir safda yelkama-yelka xizmat qilib kelmoqda. Ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, moddiy rag‘batlantirish, kasbiy, jismoniy, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish va sog‘lig‘ini muhofaza qilish korxona strategik maqsadlarining bir qismini tashkil qiladi.

 

Zero, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan. “Navoiyuran” davlat korxonasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda ayollar sha’niga shunday iliq fikrlar bildirildi. Tadbir avvalida korxona bosh direktori Jahongir Xasanov bayram ishtirokchilari bo‘lgan munis va mo‘tabar xotin-qizlarni qutlug‘ ayyom bilan tabriklab, ularga jamoaning chuqur hurmat va ehtiromini yetkazdi.

 

Bu yilgi bayram korxona xotin-qizlari uchun qo‘shaloq tuhfalarga boy bo‘ldi. Gap shundaki, bayram arafasida korxonada ilk bor Xotin-qizlar Kengashi tuzildi va unga bir qator vazifalar yuklatildi. Aslida, korxona xotin-qizlari faoliyatini muvofiqlashtishni va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirishni maqsad qilgan ushbu tuzilma ham yuqoridagi fikrlarning yaqqol tasdig‘idir.

 

Har yili bayram arafasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “NKMKning oltin ayoli” ko‘rik-tanlovida korxona tizimida mehnat faoliyatini olib borayotgan xotin-qizlardan bir guruhi faol ishtirok etib, saralash bosqichlarida yuqori o‘rinlarni egallaganlari qayd etildi.

 

Shu kuni ko‘p yillik fidokorona mehnatlari, O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishga qo‘shgan munosib hissasi hamda go‘zallik va nafosat bayrami munosabati bilan “Navoiyuran” DK bo‘yicha jami 17 nafar xotin-qizlar korxona rahbariyati va 6-son Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, 3 nafariga “Navoiyuran Faxriysi” unvoni va ko‘krak nishonlari topshirildi.

 

Tadbir davomida yig‘ilganlarga bayram kayfiyati ulashish maqsadida “Yoshlik” madaniyat va sport majmuasining badiiy jamoalari va xonandalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Ona, Ayol va Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiq, dilbar taronalar barchaga xushnudlik bag‘ishlab, raqslarga chorladi.

 

"Navoiyuran" davlat korxonasi axborot xizmati