Awesome Image

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASIDA INNOVATSION BURG‘ILASH ISHLARI AMALGA OSHIRILMOQDA

Bugungi kunda konchilik sanoati tabiiy resurslarga boy bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, Qizilqum hududidan qazib olinadigan tabiiy uran mamlakatimiz eksport daromadining salmoqli ulushini tashkil qiladi. Shu bois, Davlatimiz Rahbarining bevosita boshchiligida so‘nggi yillarda uran sanoati va unga aloqador tarmoqlar rivojlanib, xalqaro standartlarga mos boshqaruv tizimi yaratilmoqda. 2030 yilga qadar tabiiy uran mahsulotini ishlab chiqarishni ikki baravarga oshirish bo‘yicha ilgari surilayotgan dasturlar esa bunday ulug‘vor maqsadlarga poydevor bo‘lmoqda.

Albatta har qanday konchilik tarmog‘ining rivojlanishi foydali qazilmalarni izlab topish, ya’ni, geologiya-qidiruv ishlaridan boshlanadi. Mazkur tarmoqni rivojlantirish uchun turli zamonaviy va innovatsion yechimlarni ishlab chiqarishga jalb etish, loyihalarni amalga oshirishda eng zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, tajribali va ilg‘or kompaniyalarni jalb etish nihoyatda muhimdir. Bu kutilgan samarani berib, yer osti tuproq namunalarining tahlillari natijalari sifatli va ishonchli bo‘lishini ta’minlaydi.


Shu maqsadda, “Navoiyuran” davlat korxonasi ilk bor autsorsing usulida innovatsion burg‘ilash ishlarini amalga oshirishni boshladi. Buning uchun "Navoiyuran" davlat korxonasi “INNOVATSION BURG'ILASH KOMPANIYASI” MChJ qo‘shma korxonasi bilan innovatsion burg‘ilash ishlarini olib borish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Mazkur hujjatga ko‘ra “Nurota” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasining “Omad” va “Kuhnur” konlarida burg‘ilash geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Rossiya Federatsiyasi tomonidan “Russkaya burovaya kompaniya” MChJ va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan “O‘zbek geologiya qidiruv” AJlar ishtirokida tashkil etilgan ushbu qo‘shma korxona ikki yil davomida ushbu maydonlarda faoliyat yuritadi. Hozirda 7 ta innovatsion burg‘ilash qurilmalari keltirilgan bo‘lib, har bir uskunaning ish unumdorligi oyiga 2 650 pogonametrni tashkil qiladi.

 

“INNOVATSION BURG’ILASH KOMPANIYASI” MChJ QKning burg‘ilash ishlari Kern ko‘taruvchi yechiladigan snaryadlar majmui (SSK)dan foydalangan holda zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirilmoqda. Bu esa burg‘ilash quvurlarini tushirib-ko‘tarish ishlari sonini kamaytirish va qazib olinadigan kern namunalarining foiz ulushini oshirish orqali burg‘ilash unumdorligini oshirish imkonini beradi.


“Bizning kompaniyamiz O‘zbekiston hududida 4 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bungacha biz Toshkent viloyatining Olmaliq maydonida ishladik. Hozirda Navoiy viloyatining Qizilqum hududida geologiya-qidiruv ishlarini olib borayapmiz. Bu yerda 7 ta DBC S-15 rusumidagi Turkiya texnologiyasi asosidagi burg‘ilash qurilmasi joylashgan. Ushbu qurilmaning afzalligi ikki yadroli quvurdan iborat bo‘lib, boshqa bir yadroli quvurlarga nisbatan kern ajratib olish samaradorligi ancha yuqori. Yana bir jihati gusenitsali bo‘lgani uchun ham harakatlanishga juda qulay va osongina belgilangan manzilga qisqa muddatda yetkazish imkoni bor. Bu esa olib kelish va olib ketishda vaqtni tejaydi. Eng qulay tomoni bu qurilma dizel yoqilg‘isida ishlaydi. Buning uchun ortiqcha xarajat qilib, alohida elektr tarmoqlari tortish, elektr muhandislarni jalb etish shart bo‘lmaydi, - deydi burg‘ilash uchastkasi boshlig‘i Vladimir Goncharov. - Burg‘ilash muhandislari va ustalari uchun barcha qulayliklar yaratilgan, lekin ular bu yerda yashamaydi. 12 soatlik ish vaqti tugashi bilan smena almashadi. Ishchilar uchun maxsus yashash va dam olish bazasi tashkil etilgan. Bazada barcha maishiy shart-sharoitlar – ovqatlanish, dam olish, yuvinish, shuningdek, aloqa xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan”.


Mazkur Kern ko‘taruvchi yechiladigan snaryadlar majmui - bu  nafaqat yer qa'rini qazish, balki burg‘ilash ishlarida burg‘ilash quvurlarini olib tashlamasdan kern namunalarini ko‘tarib olish imkonini beradi. Olmos bilan mustahkamlangan burg‘ilar yuqori samaradorlikni ta’minlaydi va ishlash tezligini hamda unumdorlikni oshiradi.


Yana bir jihati, quduq devori qulamasi uchun tayyorlangan maxsus aralashmalar kern bilan bevosita aloqaga kirishmasligi va unga tegmasligi natijasida ajratib olish ko‘rsatkichi hozirgi 73 foizdan 90 foizgacha yetadi.


Bundan tashqari, burg‘ilash qurilmalarining ustki qismi oson yechib olinadigan metall karkasli yopinchiqlar bilan o‘rab qo‘yilgani, burg‘ilash ishlarida ish unumdorligini oshishiga hamda burg‘ilash qurilmasining uzoq vaqt xizmat qilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, burg‘ilash qurilmasini tabiiy iqlim sharoitlarida yog‘ingarchiliklar ta’sirida kelib chiqadigan korroziyalardan saqlaydi va ishchi-xodimlarni ob-havoning og‘ir sharoitlaridan himoya qiladi.

 

Bugungi kunga kelib Kern ko‘taruvchi yechiladigan snaryadlar majmui qattiq foydali qazilmalarni, shu jumladan O‘zbekistonda oltinni qidirishda ham keng qo‘llanilmoqda.

 

 “Navoiyuran” davlat korxonasi axborot PR xizmati