Awesome Image

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASIDA “INSON QADRI UCHUN” TAMOYILI AMALDA

Bugun davlatimiz sisyosatining muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan ijtimoiy himoya tizimi har bir yurtdoshimiz hayotida o‘z ifodasini topmoqda. “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan ushbu e’tiborga monand tarzda ishchi-xodimlarning hayot sifati va mehnat sharoitlarini doimiy ravishda yaxshilashga qaratilgan “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tizimli amalga oshirib kelinmoqda.

Zero, ushbu jihatlar kuchli ijtimoiy himoyaning eng muhim mezonlaridan biridir. Ma’lumki, cho‘l sharoitida - yozda issiq, qishda sovuq, yashash joyidan olisda ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Bu har bir insondan chinakkam mehnat, matonat, metin iroda va fidoyilikni talab etadi. Korxonaning asosiy ishlab chiqarish quvvatlari va geotexnologik konlari ham Markaziy Qizilqum bag‘rida joylashgani bunday mas’uliyatni ikki karra oshiradi. Ayni paytda korxona muhandis-texnik xodimlari bu kabi sinovlarning barchasini sabot bilan yengib, fidokorona mehnat qilib kelmoqdalar.

“Navoiyuran” DK va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan Jamoa shartnomasida ham ushbu jihatlarga alohida e’tibor qaratilib, amaldagi mehnat qonunchiligi norma va talablari bajarib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4629-sonli qaroriga asosan “Navoiyuran” DK 2022-yilning yanvaridan o‘z faoliyatini boshladi. O‘tgan 2 yil vaqt davomida korxona qadriyatlariga mos ijtimoiy himoya tizimi yaratildi. Buning uchun avvalambor Jamoa shartnomasi tuzildi va oltita ustuvor yo‘nalish belgilab olindi. Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun!” g‘oyasi asosida ishchi-xodimlar, ularning oilasi, nafaqadagi faxriylarni ijtimoiy himoya qilish, mehnat unumdorligini oshirish va mahsulot tannarxini pasaytirish evaziga ish haqlarini bosqichma-bosqich oshirib borish vazifasi kun tartibidagi asosiy masalalardan biri sifatida mehnat jamoalarining konferensiyalarida muhokama etib borildi. Jamoa shartnomasi — korxonada ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatdir. 2022 yilda ish beruvchi hamda xodimlar vakillari tomonidan qabul qilingan mazkur hujjat mehnatkashlar manfaatlari, huquq va burchlarini inobatga olgan holda 3 yil muddatga tuzildi. Unga ko‘ra tomonlarning vakillari har yili Jamoa shartnomasining bajarilishi yuzasidan mehnat jamoasiga hisobot berib boradi.

Jamoa shartnomasini bajarilishini tekshirish va 2022-2024 yillar uchun “Navoiyuran” DKning Jamoa shartnomasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha Markaziy komissiya tuzildi. Bo‘linmalardan kelib tushgan takliflar Markaziy komissiyada atroflicha muhokama qilinib, yangi qabul qilingan Mehnat Kodeksi talablari inobatga olingan holda qayta ko‘rib chiqildi.

Bu borada 2022-2023 yillar davomida qator ishlar amalga oshirildi.  

“Navoiyuran” DKning ko‘p ming kishilik jamoasi asosan ishlab chiqarishda faoliyat yuritadi. Shu boisdan mehnat muhofazasi korxonada birinchi darajali vazifalardandir. Bo‘linmalarda mehnat muhofazasi bo‘yicha alohida bo‘limlar, shtat birliklari tashkil etilgan. Kasaba uyushmalari korxonada mehnat muhofazasini samarali tashkil etishda ishtirok etish bilan birgalikda, jamoa shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilib kelmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, korxonada mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha shartnomada ko‘zda tutilgan bandlar korxona tomonidan to‘liq hajmda moliyalashtirilib, belgilangan shartlar o‘z vaqtida, sifatli ta’minlanishiga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 319-sonli qaroriga asosan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (hozirgi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi) tizimidagi  “Urankamyobmetgeologiya” AJning uran, nodir va kamyob metallar qazib olish bo‘yicha istiqbolli maydonlarni o‘rganishga yo‘naltirilgan barcha aktivlari va majburiyatlari “Navoiyuran” DKga o‘tkazildi hamda “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi sifatida faoliyat boshladi. Buning natijasida “Navoiyuran” DKda jami ishchi-xodimlar soni 8900 nafarga yetdi. Ayni paytda ushbu markazda 1400 nafarga yaqin ishchi-xodimlar mehnat qilishmoqda. Ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish ham korxona rahbariyati va kasaba uyushmalari zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Shu maqsadda ilmiy-ishlab chiqarish markaziga qarashli burg‘ulash brigadalaridagi mehnat sharoitlari o‘rganilib, ularni to‘liq maishiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha mehnat jamoasi konferensiyasida qaror qabul qilindi. 2023 yilning aprel oyida jami 150 dona konditsioner, muzlatgich, mikroto‘lqinli pech, termopot, elektr plitalari va  boshqa turli  maishiy texnikalar to‘plami yetkazib berildi.

 2022 yilda amalga oshirilgan eng esda qolarlik yangiliklardan biri bu Qizilqum bag‘rida mehnat qilib kelayotgan kon ishchilari uchun ikkita ishchilar qo‘rg‘onchasi bunyod etildi. Xususan, “Zafarobod” kon boshqarmasi 1-geotexnologik koni “Aulbek” kon maydonida hamda 4-Geotexnologik koni “Aktau” konida har biri 96 o‘ringa mo‘ljallangan “Ishchilar qo‘rg‘onchasi” foydalanishga topshirildi.

Qo‘rg‘onchada 40 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy jihozlangan oshxona, tibbiyot xonasi, ishchilar kiyinish va yuvinish xonalari, dam olish vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun ma’naviyat va sport xonalari, yozgi dam olish ayvoni qurildi. Qo‘rg‘oncha atroflari obodonlashtirilib, hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi hamda manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Zero, Qizilqum bag‘rida mehnat qilib kelayotgan kon ishchilari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mavjud qiyinchilik va noqulayliklarni imkon qadar bartaraf etish korxona oldidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Joriy yilda esa “Nurobod” ishlab chiqarish maydoni Plastmassa quvurlari va mahsulotlari ishlab chiqarish sexining Ma’muriy-maishiy binosi foydalanishga topshirildi. Loyihaning umumiy qiymati qariyb
4 milliard so‘mni tashkil etib, ma’muriy va maishiy korpuslardan iborat. Ahamiyatlisi, bino to‘liq zamonaviy sendvich panellardan qurilgan bo‘lib, bu energiya tejamkorligini, qishda issiq, yozda salqin muhit barqarorligini ta’minlaydi.

 Ma’muriy korpusda rahbariyat va muhandis-texnik xodimlar hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimlari uchun zarur sharoitlarga ega bo‘lgan 11 ta xona, shuningdek, 50 o‘rinli faollar zali joylashgan.

 Maishiy korpusda esa 50 kishiga mo‘ljallangan barcha qulayliklarga ega kiyinish va yuvinish xonalari hamda sanuzellar o‘rin olgan. Isitish va issiq suv tizimida zamonaviy isitish qozonlari o‘rnatilgan.

Xullas, bino ishchi-xodimlar to‘laqonli ishlashlari va dam olishlari uchun barcha zarur ofis, maishiiy jihozlar hamda mebellar bilan to‘liq ta’minlandi.

Zero, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida bosh mezon etib belgilangan “Inson qadri uchun” degan tamoyil ham har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini yaratishni nazarda tutadi.

2023 yil ham korxona mehnat jamoasi uchun samarali bo‘ldi. Oldiga qo‘yilgan ulkan marra va natijalarga ortig‘i bilan erishildi.

Xususan, 6,5 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, belgilangan eksport ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi. Shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi rejaga nisbatan 110 foizga, burg‘ilash ishlari rejaga nisbatan 112 foizga, mahsuldor eritmalarni qazib olish hajmi 112,5 foizga bajarildi.  

Joriy yil korxonaning Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya kabi bir qator rivojlangan xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi. Korxona mutaxassislari xizmat safarlarida bo‘lishib, jahonning ilg‘or tajribasini o‘rganish va o‘zimizda tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Yangi manzil sifatida Hindiston davlatiga tabiiy uran mahsulotining ilk bosqichi eksportga jo‘natildi.

“Cert international” xalqaro sertifikatlash tashkilotining talablariga muvofiq Integratsiyalashgan Boshqaruv Tizimi joriy etilib, bir qancha milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

Korxona vakillari Jizzax, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Navoiy va Chirchiq shaharlarida bo‘lgan tarmoqlararo sanoat yarmarkasida o‘z takliflari bilan ishtirok etdi. Buning natijasida yil davomida yuzdan ortiq mahalliy korxonalar bilan 327 mlrd. so‘mlik shartnomalar tuzildi.

Korxonada 7 ta Investitsiya dasturi doirasida 62 mln. dollar miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, bir qator geotexnologik konlar binolari ta’mirlandi, ichki yo‘llarga asfalt qoplamalari yotqizildi. Asosiysi, 5,0 mln dollarga teng bo‘lgan “Aktau konida ruda qazish maydonini qurish” investitsiya loyihasi ishga tushirildi.

2023 yil Mahalliylashtirish dasturi doirasida qiymati 44 mlrd so‘m bo‘lgan 17 ta loyiha, shu jumladan, 11 mlrd. so‘mlik 14 ta yangi va kengaytirilgan loyiha bo‘yicha yuzdan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Konlarda texnologik quduqlarni burg‘ilash va qurish uchun 20 ta yangi burg‘ilash uskunalari xarid qilindi va geotexnologik konlarga o‘rnatildi.

Albatta bu ishlar Davlatimiz Rahbari tomonidan korxona zimmasiga yuklatilgan 2030 yilga qadar uran ishlab chiqarish hajmini uch barobarga oshirish vazifasini amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Bundan tashqari, mehnat muhofazasi, doimiy komissiyalar faoliyati, sanator-kurort davolanishlarni tashkil etish, yoshlar masalasi, ishchi-xodimlar uchun belgilangan kafolat, imtiyoz va kompensatsiyalarni to‘lab berish, ijtimoiy himoya, ishchi-xodimlar uchun madaniy hordiq chiqarishlarini tashkil etish hamda ularni sportga jalb etish yo‘nalishlarida ham bir qator natijalarga erishildi. Xususan, ishchi-xodimlar hamda pensionerlarning sanator-kurort davolanishlarini tashkil etish maqsadida yil davomida 1 586 dona yo‘llanmalar realizatsiya qilindi. Ushbu maqsadlar uchun 6,4 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Korxona mehnatkashlarining farzandlari uchun 8 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga 1 500 dona yo‘llanmalar ajratildi. Yangi 2024 yil bayrami arafasida 7400 dona shirinliklar to‘plami xarid qilinib, bolajonlarga yetkazildi.

Yil davomida 1 375 nafar ishchi-xodimlar hamda pensionerlarga 852 mln. so‘mdan ortiq moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, 324 nafar boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilasida nogironi bor ishchi-xodimlarga, shuningdek yakka-yolg‘iz pensionerlarga 108 mln. so‘mlik oziq-ovqat to‘plamlari yetkazib berildi. Ishchi-xodimlarning ishdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun turli sport, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Bu yo‘nalishda “NKMK jamg‘armasi” DM bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Buning samarasida sportning shashka, shaxmat, minifutbol, voleybol, stritbol kabi turlaridan musobaqalar tashkil etildi.

“Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy qadriyatlari bu xodimlardir va har doim shunday bo‘lib qoladi. Yuqori professional va malakali muhandis-texnik kadrlar va istiqbolli yoshlar korxona qadriyatlarining asosini tashkil etib, ularni tayyorlash ustuvor vazifalaridan biridir.  

2023 yil tasdiqlangan rejaga muvofiq kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha korxonaning kadrlar bo‘limi hamda kadrlar tayyorlash xizmati tomonidan ishlar tizimli tashkil etildi.

Bunga Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatining farmon va qarorlari dasturulamal bo‘lib xizmat qildi. Bugungi kunda korxona ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda oliy ma’lumotli mutaxassislar hamda yuqori malakali ishchilar tayyorlanmoqda.

2023 yil yakuniga ko‘ra, “Navoiyuran” davlat korxonasi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasidagi 6 ta oliy o‘quv yurtlarining sirtqi bo‘limlarida 67 nafar xodimlar tahsil olishmoqda.

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talabalari uchun “Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy ishlab chiqarish maydonlarida sohaga mos ta’lim yo‘nalishlar bo‘yicha dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. 

Korxona bo‘linmalarida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Geologiya fanlari universitetining jami 182 nafar talabalariga ishlab chiqarish va diplom oldi amaliyotlari tashkil etildi.

“Navoiyuran” davlat korxonasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida Boshqarma Kadrlar tayyorlash xizmati, O‘quv markazi hamda “Zafarobod” KB O‘quv punkti tomonidan 2023-yilda jami 2100 nafarga yaqin xodimlar qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qitildi. 

Ahamiyatlisi, malaka oshirish kurslarida ta’lim olgan xodimlarga o‘qishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Shuningdek, “NKMK” AJ, “Navoiyuran” DK hamda “NKMK jamg‘armasi” DM ishchi-xodimlari o‘rtasida har yili o‘tkaziladigan an’anaviy “Ishning eng yaxshi tashkilotchisi, qonun va qoidalar bilimdoni” tanlovida shuningdek, “Mehnat muhofazasi bo‘yicha eng yaxshi vakil” ko‘rik tanlovida korxonaning vakillari faol ishtirok etib, munosib rag‘batlantirib kelinmoqda.

“Navoiyuran” DK bo‘linmalari bo‘yicha mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi holatini sarhisob qilish maqsadida korxona ma’muriyati va kasaba uyushmasi tomonidan kadrlar tayyorlash sifatini, ishlab chiqarish xavfsizligini oshirish, mehnat muhofazasi bo‘yicha vakillar ishini faollashtirish bo‘yicha qo‘shma qarorlar qabul qilindi.

Korxona bo‘linmalarida joylashgan “NKMK jamg‘armasi” DMga qarashli jami 17 ta oshxonada tushlik paytida ovqatlanish tashkil qilib kelinmoqda. Amaldagi ish jadvallariga muvofiq kechki va tungi smenalarda ham ovqatlanishlar tashkil etib borilmoqda. Ishlab chiqarish xususiyatlari bilan bog‘liq holda ovqatlanish punktlaridan sezilarli uzoq masofalarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar uchun tavsiya etilgan mahsulotlardan iborat oziq-ovqatlar to‘plami tashkil etilgan.

Joriy yilning dekabr oyida korxona mehnat jamoalarining Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya kun tartibida Jamoa shartnomasining 2022-yilda bajarilishi hamda “Navoiyuran” DKning 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasi hamda “Ichki mehnat tartibi qoidalari”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi muhokama etildi. Jamoa shartnomasi yangilangan tahrirdagi mehnat qonunchiligiga moslanib, xodimlarning talab va takliflari batafsil o‘rganib chiqilib, uning bandlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Konferensiyada delegatlarning takliflari va fikr-mulohazalari tinglanib, “Navoiyuran” DK va 6-son Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi o‘rtasida 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasi o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan birga qabul qilindi.   

Aytish mumkinki, qabul qilingan yangi tahrirdagi Jamoa shartnomasi IV bo‘lim, 17 modda, 16 ta ilovadan iborat bo‘lib, ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi ichki normativ hujjat hisoblanadi. 

Azal-azaldan jismoniy imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar holidan xabar olish, ro‘zadorlarga iftorlik dasturxonlari yozish, muhtojlarga xayru sadaqalar ulashish xalqimizning ezgu va savobli amallaridan sanaladi. Korxona mehnat jamoasining har bir a’zosi ezgu va xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lishdek ijtimoiy mas’uliyatni doimo his qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, Navro‘z umumxalq bayrami, Ramazon va Qurbon hayiti munosabati bilan xayru saxovat tadbirlari keng quloch yoyadi. Bunday xayriya tadbirlari shukuhi Navoiy shahridan tashqari, Karmana, Navbahor, Konimex, Uchquduq kabi tumanlarda istiqomat qilayotgan oilalarga ham quvonch ulashib kelmoqda. Xususan, mahallalardagi nogiron, kam ta’minlangan fuqarolar uchun iftorlik dasturxonlari tashkil etilmoqda.  

Bir so‘z bilan aytganda, korxona jamoasi nafaqat ishlab chiqarishda balki, ijtimoiy hayotda ham faoldir. Korxona rahbariyati ish beruvchi, kasaba uyushmalari xodimlar vakili sifatida ularni har jihatdan qo‘llab-quvatlab kelmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, korxonaning intellektual salohiyati, texnik va texnologik jarayonlarni tashkil etishda malakali kadrlarning bilimi, tabiiy uranni qazib olishdan tortib, ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning tizimli ishlashi xalqaro standartlarga mos ishlab chiqilmoqda. Bu borada xorijiy mutaxassislar va sohaviy ekspertlar bilan faol hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Maqsad esa, korxonaning maqsadli ko‘rsatkichlarining o‘sishini ta’minlash, tizimda izchil islohotlar olib borish, investitsion jozibadorligini yanada oshirish va eksport geografiyasini kengaytirishdan iborat.

 

“Navoiyuran” DK 6-Birlashgan

kasaba uyushmasi Qo‘mitasi raisi

Davrbek Temirov