Awesome Image

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASIDA ZAMONAVIY YANGI ELEKTRON HUJJAT AYLANISH TIZIMI JORIY ETILMOQDA

Elektron hujjat aylanish tizimi “elektron hukumat”ning muhim tarkibiy qismlaridan bo‘lib, elektron hujjat aylanish tizimini amaliyotga muvaffaqiyatli joriy qilish davlat hokimiyati, korxona va tashkilotlarda tezkor va xavfsiz hujjat aylanish va hududlardagi bo‘linmalar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar samaradorligini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. “Navoiyuran” davlat korxonasida bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda korxonada joriy etilgan yangi elektron hujjat aylanish tizimi bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022 — 2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformasiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 319-sonli qarorida “Navoiyuran” DKning ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish belgilab berilgan. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida korxonaning 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan raqamlashtirish dasturi qabul qilindi.

Shu maqsadda Loyiha ofisi Raqamli transformatsiyani joriy etish bo‘limi tomonidan Respublikamizdagi bir nechta yirik dasturchi kompaniyalarning mahsulotlari bilan tanishildi va ularning korxona biznes jarayonlariga moslashuvchanligi o‘rganildi. Ochiq tanlov savdolari orqali g‘olib bo‘lgan kompaniya bilan elektron hujjat aylanish tizimini ishlab chiqish yuzasidan shartnoma imzolandi. Bugungi kunda mazkur tizim korxonaning mavjud normativ talablariga mos ravishda innovasion texnologiyalar qo‘llangan holda to‘liq ishlab chiqildi.

“O‘z navbatida tizimni joriy etishdan qanday afzalliklarga erishamiz degan savol tug‘ilishi tabiiy, - deydi “Navoiyuran” DK Loyiha ofisi Raqamli transformasiyani joriy etish bo‘limi boshlig‘i Javohir Xafizov. - Avvalo korxonadagi barcha ichki hujjatlar, kiruvchi va chiquvchi hujjatlarni rasmiylashtirish to‘liq raqamlashtiriladi va qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlardan bosqichma-bosqich voz kechiladi, rahbariyat tomonidan barcha hujjatlar ularga berilgan elektron raqamli kalit (QR code) orqali imzolanadi. Tizimning mobil versiyasi orqali rahbariyat va hodimlar masofaviy tarzda hujjatlarni kelishishi va imzolashi mumkin bo‘ladi. Dastur orqali vazirlik va davlat idoralariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujjatlarni yuborish va ulardan hujjatlarni qabul qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, korxonada amaldagi nomenklaturalarning elektron bazasi yaratildi va bu ma’lumotlar uzoq yillar elektron bazada saqlanishiga zamin yaratadi. Ijro intizomini nazorat qilish imkoniyatining avtomatlashtirilishi, inson omilini yo‘qotib, turli tushunmovchiliklarning oldini oladi. Bunda har bir xodimning topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarilishini operativ nazorati o‘rnatildi. Eng asosiysi hujjatlarni tayyorlash, kelishish va ularni imzolashga kiritish jarayonida ketadigan vaqtni qisqartirish orqali Time managementga erishiladi.

Bundan tashqari, tizim qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlar aylanishini hamda hujjatlarni yaratish va qidirish vaqtini qisqartirish, elektron hujjatlar bilan ishlash intizomini oshirish, hujjatlarning yo‘qolishini 100%ga kamaytirish kabi bir qator afzalliklarga ega.

Bundan tashqari, bugungi kunda mazkur dasturni takomillashtirish jarayonlari davom ettirilib, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan dasturning axborot xavfsizligi bo‘yicha sertifikatini olish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Mazkur sertifikat asosida kelgusida XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun) grifli hujjatlarni dastur orqali shakllantirish va ijrosini nazoratga olish ham rejalashtirilgan, deya qo‘shimcha qiladi Javohir Xafizov.

Tizim veb ko‘rinishda yaratilgan bo‘lib, bu hozirgi kunda eng zamonaviy texnologik yechim hisoblanadi. Ushbu axborot tizimining yana bir qulayligi barcha hujjatlar tizimning o‘zida yaratiladi, qulay interfeys orqali onlayn tahrirlangan hamda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hujjatlar yuridik kuchga ega bo‘ladi.

“Mazkur tizimni ishlab chiqishda biz hozirda Respublikamizda joriy etilayotgan edo.ijro.uz tizimini asos qilib oldik. Tizimimizni “Navoiyuran” davlat korxonasining o‘zining ixtisoslashuvi, talabidan kelib chiqib takomillashtirdik, - deydi “Unicon-soft” MChJ direktorining birinchi o‘rinbosari Umid Usmonov. Mazkur tizimda juda ko‘p imkoniyatlar, qulayliklar yaratilgan. Bulardan eng asosiysi masofadan turib boshqarish. Odatda, rahbarlar juda ko‘p xizmat safarlarida, bo‘linmalar hududlarida bo‘lishadi. Bunday vaziyatdar o‘zining smartfoni orqali tizimning mobil versiyasidan foydalangan holda kirib, hujjatlarni imzolashi, rezolyusiya loyihalarini tasdiqlab berishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, rahbarga kiritiladigan hujjatlar bo‘yicha xabarnomalar kelib turadi. Bunday qulayliklar hujjatning tezkorlik bilan o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlaydi. Hujjatlar korxonaning o‘zining ma’lumotlar bazasida joylashgan serverlarida saqlab kelamiz. Hujjatlarning tashqi resurslarga qaramligi yo‘q. Tizimga faqat foydalanuvchilar kira olishi mumkin. Foydalanuvchi bilan server o‘rtasidagi ma’lumotlar shifrlanadi va himoyalangan bo‘ladi”.

“Navoiyuran” DKda bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda korxona rahbariyati, boshqarma, bo‘lim va xizmat boshliqlari, ijro intizomiga mas’ul bo‘lgan ishchi-xodimlar ishtirok etishdi. Seminarda “Unicon-soft” MChJ mutaxassislari tomonidan tizim interfeysi va undan foydalanish afzalliklari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati