Awesome Image

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASINING 2023-YIL 1-CHORAK DAVOMIDAGI FAOLIYATI YAKUNLARI VA JORIY YILGA MO‘LJALLANGAN PROGNOZ KO‘RSATKICHLARI MUHOKAMA ETILDI

Joriy yilning 7-aprel kuni “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jahongir Xasanov raisligida korxonaning 2023-yil 1-chorakdagi ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati yakunlarini ko‘rib chiqish hamda korxonaning 2023 yilda barqaror rivojlanishi va operatsion faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda bosh direktor o‘rinbosarlari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, korxona bo‘linmalarining bosh muhandislari va o‘rinbosarlari, bosh mutaxassislari, bo‘limlar va xizmatlar boshliqlari, shuningdek, ishlab chiqarish maydonlari, geotexnologik kon rahbarlari hamda “Uran va noyob metallar geologiyasi” IIChM va uning geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari boshliqlari ishtirok etishdi.

Dastlab, korxona bosh direktori J.Xasanov korxonaning 2023-yil yanvar-mart oylaridagi ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati yakunlari va joriy yilning prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarilishini ta’minlash borasidagi dolzarb vazifalar hamda korxonaning joriy yil 1-choragi faoliyatiga oid asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida mahsulot ishlab chiqarish 1,3 trillion so‘mni yoki rejaga ko‘ra 103 foizni, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilga nisbatan 105 foizni tashkil etdi. Burg‘ilash ishlari 106 foizni (o‘sish sur’ati bilan 117 foizni), mahsuldor eritmalarni so‘rib olish hajmi 106 foizni (o‘sish sur’ati bilan 104 foizni) hamda uran qazib olish 105 foizga (o‘sish sur’ati bilan 103 foizni) uddalandi. Eksport hajmi ko‘rsatkichlari 149 foizga (o‘sish sur’ati bilan 160 foiga) bajarildi. Korxonada Investitsiya dasturi loyihalarini amalga oshirish 205 foizga bajarilib, 7,8 mln dollarlik kapital qo‘yilma o‘zlashtirildi.

Shuningdek, korxonaning ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati yakunlari va joriy yilning prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarilishini ta’minlashda ro‘y bergan kamchiliklar va ularni bartaraf etish vazifalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda korxonaning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va texnologik jarayonlarni tashkil etish natijalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

Shuningdek, ishlab chiqarish maydonlari, geotexnologik konlar boshliqlari, “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi boshlig‘i, geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi va Geologiya-qidiruv partiyasi rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Xususan, korxonaning 2023-yil 1-chorakdagi prognoz parametrlarining amaldagi natijalari hamda joriy yil ishlab chiqarish dasturidagi ko‘rsatkichlarni so‘zsiz bajarilishini ta’minlash va barqaror rivojlanish uchun zamin yaratish, belgilangan ko‘rsatkichlarni bajarilish natijalari ko‘rib chiqildi. Joriy yil 1-yarimyillik hamda yil yakuniga qadar ishlab chiqarish dasturidagi ko‘rsatkichlarni so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, belgilangan geologiya qidiruv ishlari ko‘rsatkichlarini bajarilishida ro‘y bergan qoloqliklar hamda ishlab chiqarish dasturidagi parametrlarni bajarilmasligining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan ustuvor chora-tadbirlar muhokama etildi.

Yig‘ilishda ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan asosiy kimyoviy reagentlar, shu jumladan sulfat kislotasi bilan ta’minlash bo‘yicha masalalarni tezkorlik bilan hal etish choralari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Bu borada bosh direktorning tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari L.Xamidovning hisoboti tinglandi.

Shundan so‘ng, 2023-yilda eksportning belgilangan ko‘rsatkichlarini, jumladan qo‘shimcha ishlab chiqarilgan mahsulot bo‘yicha bajarilishini so‘zsiz ta’minlashda va eksportni amalga oshirilishida mavjud bo‘lgan muammolarni yechishda qo‘llanilayotgan chora-tarbirlar bo‘yicha tashqi iqtisodiy aloqalar va eksport bo‘yicha direktor X.Safarov axborot berdi.

Korxonaning kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i I.Zaripov so‘zga chiqib, 2023 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish va ob’ektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish ijrosini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Bundan tashqari, 1-chorakda korxonada ro‘y bergan baxtsiz hodisalarning sabablari to‘g‘risida hamda mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligini ta’minlash va ishlab chiqarish bilan bog‘liq jarohatlarning oldini olishga qaratilgan ishlar talab darajasida emasligi qayd etildi va atroflicha muhokama etildi.

Muhokamalar jarayonida 2023-2030-yillarda barqaror rivojlanish uchun zamin yaratish hamda korxonani rivojlantirish istiqbollarini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan aniq choralar tahlil etildi hamda ularning ijro mexanizmlari bo‘yicha takliflar bildirildi.

Yig‘ilish so‘nggida korxona faoliyati samaradorligini oshirish, joriy yilga mo‘ljallab tasdiqlangan barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga qaratilgan qator vazifalar belgilab olindi.