Awesome Image

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASINING 2023-YIL DAVOMIDAGI FAOLIYATI YAKUNLARI VA JORIY YILGA MO‘LJALLANGAN PROGNOZ KO‘RSATKICHLARI MUHOKAMA ETILDI

Joriy yilning 12-fevral kuni “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Jamol Fayzullayev raisligida korxonaning 2023-yildagi ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati yakunlari hamda korxonaning 2024-yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarilishiga oid asosiy vazifalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 


Yig‘ilishda bosh direktor o‘rinbosarlari, direktorlar, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, tarkibiy bo‘linmaning bosh muhandislari, bosh muhandis o‘rinbosarlari, bosh mutaxassislari, bo‘lim va xizmat boshliqari hamda temiryo‘l uchastkasi, avtotransport uchastkasi boshliqlari, geotexnologik kon boshliqari, katta ustalari ishtirok etishdi. 


Dastlab, korxona Bosh direktori J.Fayzullyaev korxonaning 2023-yilda ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati yakunlari hamda 2024-yilda belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish va 2030-yilgacha korxonani rivojlantirish istiqbollarini ta’minlash borasida muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘z vaqtida va samarali faoliyatni tashkil etish bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.


Ta’kidlanganidek, hisobot davrida mahsulot ishlab chiqarish 6,8 trillion so‘mni yoki rejaga ko‘ra 112  foizni, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 113  foizni, tabiiy uran ishlab chiqarish rejaga nisbatan 111 foizga bajarilib, o‘sish sur’ati 114 foizni tashkil etdi. Texnologik burg‘ilash ishlari rejaga nisbatan 125 foiz (o‘sish sur’ati 113 foiz) ga, mahsuldor eritmalarni qayta ishlash hajmi 111 foiz (o‘sish sur’ati esa 113 foiz)ga hamda uran qazib olish 108 foiz (o‘sish sur’ati 110 foiz) ga uddalandi. Hisobot davrining prognoziga ko‘ra mahsulotlar eksporti 134 foiz (o‘sish sur’ati 126 foiz) ga bajarildi. Korxonada Investitsiya dasturi loyihalarini amalga oshirish 190 foizga bajarilib, 62,1  mln. dollarlik kapital qo‘yilma o‘zlashtirildi. 


Yig‘ilishda korxonaning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va texnologik jarayonlarni tashkil etish natijalari tahliliy muhokama qilindi va zaruriy ko‘rsatmalar berildi. Muhokamalar jarayonida ishlab chiqarish maydonlari, “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi boshlig‘i hisobotlari ham tinglandi. 


Xususan, korxonaning 2023-yildagi belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilish natijalari, joriy yil, jumladan, 1-chorak ishlab chiqarish dasturidagi ko‘rsatkichlarni so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, belgilangan mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha aniq takliflar va ko‘rilayotgan choralar muhokama etildi.


Shuningdek, 2024-yilda belgilangan geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari ko‘rsatkichlari hamda ishlab chiqarish dasturidagi parametrlarni bajarish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi. 


Yig‘ilishda ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan asosiy kimyoviy reagentlar, zarur bo‘lgan tovar-moddiy boylik va ehtiyot qismlar bilan o‘z vaqtida uzluksiz ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan hal etish choralari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Bu borada bosh direktorning tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari L.Xamidovga tovar-moddiy boyliklarini, ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq zaruriy ehtiyot qismlar, shu jumladan burg‘ilash uskunalarini hamda investitsiya loyihalari uchun jihozlarni o‘z vaqtida yetkazib berish choralarini ko‘rish lozimligi ta'kidlandi. 


Shundan so‘ng, Bosh direktorning transformatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari – Loyiha ofisi rahbari X.Xaydarov 2023-yilda korxonani transformatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Xususan, korxonaning transformatsiya, raqamlashtirish, kredit va ESG xalqaro reytingini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirishga e'tibor qaratildi.

 

Korxonaning 2023-yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish va ob’ektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish ijrosini ta’minlash masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi. 


Yig‘ilishda shuningdek, korxonanda mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarishda texnika xavfsizligi hamda ishlab chiqarish bilan bog‘liq jarohatlarning oldini olish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi. 


Joriy yilda xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish – bu korxonaning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Qayd etilganidek, lorxona ishchi-xodimlari qariyb 8 milliard so‘mlik maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibdagi himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlandi. Hisobot davrida noqulay mehnat sharoitlarida band bo‘lgan ishchi-xodimlar davolash-profilaktik oziq-ovqati, sut, sharbat va shunga tenglashtirilgan mahsulotlar bilan ta’minlash uchun 33,9 milliard so‘m yo‘naltirildi. 


Korxonaning Mehnat muhofazasi bo‘yicha direktori S.Nurnazarovga baxtsiz hodisalarning ro‘y berishining oldini olishga qaratilgan ishlar, mehnat muhofazasi va qulay mehnat sharoitlarini yaratish ishlarini tubdan ko‘rib chiqishga jiddiy e’tibor qaratish bo‘yicha topshiriq berildi.  


Kun tartibidagi masalalar yuzasidan har bir tarkibiy bo‘linma rahbarlariga tegishli vazifalar belgilanib berildi. Muhokamalar jarayonida 2024-2030 yillarda barqaror rivojlanish uchun zamin yaratish hamda korxonani rivojlantirish istiqbollarini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan aniq choralar tahlil etildi hamda ularning ijro mexanizmlari bo‘yicha takliflar bildirildi, joriy yil yakunigacha kutilayotgan ko‘rsatkichlar tahlil qilindi.

 

Yig‘ilish so‘nggida korxona faoliyati samaradorligini oshirish, joriy yilga mo‘ljallab tasdiqlangan barcha ishlab chiqarish, investitsiya hamda eksport ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga qaratilgan qator vazifalar belgilab olindi. 
 
"Navoiyuran" DK axborot xizmati