“Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jahongir Xasanov raisligida korxonaning 1-yarim yillikdagi ishlab chiqarish-xoʼjalik faoliyati yakunlarini koʼrib chiqish hamda korxonaning 2023-yilda barqaror rivojlanishi va operatsion faoliyatini takomillashtirish boʼyicha masalalar muhokamasiga bagʼishlangan kengaytirilgan videoselektor yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Yigʼilishda bosh direktor oʼrinbosarlari, direktorlar, tarkibiy boʼlinmalar rahbarlari, bosh muhandislari, bosh mutaxassislari, boʼlim va xizmat, ishlab chiqarish maydonlari, geotexnologik kon rahbarlari, “Uran va noyob metallar geologiyasi” IIChM va uning geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari boshliqlari hamda temir yoʼl uchastkasi, avtotransport uchastkasi boshliqlari, katta ustalar ishtirok etishdi.
Dastlab, korxona bosh direktori J.Xasanov korxonaning 2023-yil yanvar-iyunь oylaridagi ishlab chiqarish-xoʼjalik faoliyati yakunlari va joriy yilning prognoz koʼrsatkichlarini soʼzsiz bajarilishini taʼminlash borasidagi dolzarb vazifalar hamda 2030 yilgacha korxonani rivojlantirish istiqbollarini taʼminlash borasida muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadida oʼz vaqtida va tezkor samarali operatsion faoliyat tashkil etish boʼyicha koʼrilayotgan chora-tadbirlar toʼgʼrisida axborot berdi.
Taʼkidlanganidek, hisobot davrida mahsulot ishlab chiqarish 2,8 trillion soʼmni yoki rejaga koʼra 105,8 foizni, oʼsish surʼati esa 107,7 foizni tashkil etdi. Burgʼilash ishlari rejaga nisbatan 109,5 foizni (oʼsish surʼati 125,1 foizni), mahsuldor eritmalarni soʼrib olish hajmi 108,9 foizni (oʼsish surʼati esa 106,8 foizni) hamda uran qazib olish 105,7 foizga (oʼsish surʼati 108,0 foizni) uddalandi. Hisobot davrining prognoziga koʼra mahsulotlar eksporti 122,3 foizga (oʼsish surʼati 137,7 foizga) bajarildi. Korxonada Investitsiya dasturi loyihalarini amalga oshirish 100 foizga bajarilib, 23,5 mln dollarlik kapital qoʼyilma oʼzlashtirildi.
Shuningdek, korxonaning ishlab chiqarish-xoʼjalik faoliyati yakunlari va joriy yilning prognoz koʼrsatkichlarini soʼzsiz bajarilishini taʼminlashda roʼy bergan kamchiliklar va ularni bartaraf etish vazifalariga ham toʼxtalib oʼtildi.
Yigʼilishda korxonaning tarkibiy boʼlinmalari tomonidan ishlab chiqarish koʼrsatkichlari va texnologik jarayonlarni tashkil etish natijalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida ishlab chiqarish maydonlari, geotexnologik konlar boshliqlari, “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi boshligʼi, geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi va Geologiya-qidiruv partiyasi rahbarlarining hisobotlari ham tinglandi.
Xususan, korxonaning 2023-yil 1-yarim yillikdagi belgilangan koʼrsatkichlarning bajarilish natijalari, joriy yil 9 oylik hamda yil yakuniga qadar ishlab chiqarish dasturidagi koʼrsatkichlarni soʼzsiz taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijalari koʼrib chiqildi. Jumladan belgilangan qoʼshimcha mahsulot ishlab chiqarish boʼyicha aniq takliflar va koʼrilayotgan choralar, 2023 - 2030 yillarda ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirilishini taʼminlash maqsadida barqaror rivojlanish uchun zamin yaratish boʼyicha qilinayotgan ishlar muhokama etildi.
Yigʼilishda ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan asosiy kimyoviy reagentlar, shu jumladan sulьfat kislotasi bilan taʼminlash boʼyicha masalalarni tezkorlik bilan hal etish choralari ham eʼtibor markazida boʼldi. Bu borada bosh direktorning tijorat masalalari boʼyicha oʼrinbosari L.Xamidovning hisoboti tinglandi. Hisobot beruvchi belgilangan ishlab chiqarish koʼrsatkichlarini soʼzsiz bajarilishi maqsadida tovar-moddiy boyliklarini, shu jumladan burgʼilash uskunalarini hamda investitsiya loyihalari uchun jihozlarni oʼz vaqtida yetkazib berish boʼyicha koʼrilayotgan chora-tadbirlar, korxonaning 2023-yil uchun tasdiqlangan investitsiya dasturining amalga oshirilishini jadallashtirishga qaratilgan tovar-moddiy boyliklar bilan oʼz vaqtida taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratdi.
Shundan soʼng, korxonaning kapital qurilish boshqarmasi boshligʼi I.Zaripov soʼzga chiqib, 2023-yilga moʼljallangan investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kapital qoʼyilmalarni oʼzlashtirish va obʼektlarni oʼz vaqtida foydalanishga topshirish ijrosini taʼminlash boʼyicha koʼrilayotgan chora-tadbirlar toʼgʼrisida maʼlumot berdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022 - 2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 319-son qarorida koʼrsatilgan uran qazib olish va qayta ishlash talablari va shartlariga muvofiq, korxonaning
2023-yilda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni soʼzsiz taʼminlash uchun chora-tadbirlar ishlab chiqish boʼyicha koʼrilayotgan choralar tahlil etildi hamda ularning ijro mexanizmlari boʼyicha takliflar bildirildi.
Yigʼilish soʼnggida korxona faoliyati samaradorligini oshirish, joriy yilga moʼljallab tasdiqlangan barcha ishlab chiqarish, investitsiya hamda eksport koʼrsatkichlarining soʼzsiz bajarilishini taʼminlashga qaratilgan qator vazifalar belgilab olindi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati