Awesome Image

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASINING JAMOA SHARTNOMASIGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITILDI

“Navoiyuran” davlat korxonasida korxona mehnat jamoalarining Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya kun tartibida asosiy masala Jamoa shartnomasining 2022-yilda bajarilishi hamda “Navoiyuran” DKning 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasi hamda “Ichki mehnat tartibi qoidalari”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi muhokama etildi.

 

Konferensiyada “Navoiyuran” DK Bosh direktori Dj.Fayzullayev, NKMK xodimlari kasaba uyushmasi kengashi raisi o‘rinbosari O.Temirov hamda delegatlar va taklif etilganlar ishtirok etishdi.

 

Ish beruvchi hamda xodimlar vakillari tomonidan qabul qilingan mazkur Jamoa shartnomasi mehnatkashlar manfaatlari, huquq va burchlarini inobatga olgan holda 2022 yilda 3 yil muddatga tuzilgan. Unga ko‘ra tomonlarning vakillari har yili jamoa shartnomasining bajarilishi yuzasidan mehnat jamoasiga hisobot berib borishlari belgilangan.

 

Konferensiya avvalida korxona Bosh direktori Dj.Fayzullaev va 6-son Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi raisi D.Temirov  “Navoiyuran” DKning 2022-yilda Jamoa shartnomasini bajarilish yakunlari to‘g‘risida” ma’ruza qilishdi.

 

Hisobot beruvchilar korxonaning sanoat ishlab chiqarish yo‘nalishida erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalarga to‘xtalishdi. Xususan, mehnat muhofazasi, doimiy komissiyalar faoliyati, sanator-kurort davolanishlarni tashkil etish, yoshlar masalasi, ishchi-xodimlar uchun belgilangan kafolat, imtiyoz va kompensatsiyalarni to‘lab berish, ijtimoiy himoya, ishchi-xodimlar uchun madaniy hordiq chiqarishlarini tashkil etish hamda ularni sportga jalb etish yo‘nalishlarida batafsil ma’lumot berishdi.

 

Albatta har bir ishlab chiqarish korxonasida ishchi-xodimlarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish muhim masala hisoblanadi. Shu bois, ushbu jihatlarni o‘zida aks ettirgan hujjatni ham ish beruvchi xodimlar vakili bilan o‘zaro kelishgan holda qonuniy tasdiqlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

“Navoiyuran” DK mehnat muhofazasi bo‘yicha direktori S.Nurnazarovning “2022 yilda korxonada mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi, ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalar holati bo‘yicha ma’lumot va 2023 yil uchun mehnat muhofazasi kelishuvini qabul qilish” to‘g‘risidagi ma’ruzasi shu maqsadga qaratildi.

 

Shuningdek, ishchi-xodimlarning mehnat va ijro intizomiga qat’iy rioya etilishi, belgilangan vazifalarni to‘laqonli va sifatli bajarilishini ta’minlashni nazorat qilish har bir korxonaning iqtisodiy va ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltiruvchi, jamoada sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlovchi muhim omillardan biri hisoblanadi. “Navoiyuran” DK bosh direktorining xodimlar va ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari A.Oltinov o‘z ma’ruzasida Jamoa shartnomasining 2022-yilda bajarilishini ikki tomonlama tekshirish dalolatnomasini tasdiqlash hamda “Navoiyuran” DKning 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasi hamda “Ichki mehnat tartibi qoidalari”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ma’lumot berdi.

 

A.Oltinov o‘z ma’ruzasida Jamoa shartnomasining mazmun-mohiyati, yangilangan tahrirdagi mehnat qonunchiligiga mosligi, xodimlarning talab va takliflari batafsil o‘rganib chiqilib, uning bandlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganiga alohida e’tibor qaratdi.

 

O‘z navbatida delegatlar ma’ruzalar bo‘yicha o‘zlarining fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi hamda Jamoa shartnomasi va ma’ruzalarni bir ovozdan ma’qullab, qabul qilish bo‘yicha yakdil ovoz berishdi.

 

“Navoiyuran” DK va 6-son Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi o‘rtasida 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasi o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan birga qabul qilindi.   

 

Konferensiya so‘nggida NKMK xodimlari kasaba uyushmasi kengashi raisi o‘rinbosari O.Temirov so‘zga chiqib Jamoa shartnomasining ahamiyati, ish beruvchi va ishchi-xodimlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi muhim hujjat ekanligini ta’kidladi hamda korxona mehnat jamoasining kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, Jamoa shartnomasida keltirilgan bandlar to‘liq bajarilgani qayd etildi.

 

Aytish mumkinki, qabul qilingan yangi tahrirdagi Jamoa shartnomasi IV bo’lim, 17 modda, 16 ta ilovadan iborat bo‘lib, ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi ichki normativ hujjatdir.  

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati