Awesome Image

“Navoiyuran” DK bosh direktori J.Xasanovning Oʼzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli korxonamiz geologlari, soha faxriylari, aziz hamkasblar!

Аvvalo, Sizlarni va sizlar orqali anʼanaviy kasb bayramini nishonlayotgan soha fidoyilarini va faxriylarini, tizimda fidokorona mehnat qilib kelayotgan barcha geologlarni Oʼzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman hamda sizlarga oʼzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Geologiya sohasi mamlakatning mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirishda, yer qaʼrini oʼrganish va razvedka qilishda, foydali qazilma konlarini ochishda alohida ahamiyatga ega. Zero, hech kim bizning jannatmakon va betakror zaminimizni va uning yer ostini geologlar kabi yaxshi bilmasa kerak.

Shu bois, ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratilib, Davlatimiz rahbari tomonidan kasb bayrami sifatida maxsus kunning belgilanishida ham oʼzgacha hurmat va eʼtirof mujassamdir.

Qadrli doʼstlar!

Soʼnggi yillarda Respublikamizda geologiya sohasida tub burilishlar, yangilanishlar davri boʼldi. Davlatimiz rahbari tomonidan geologiya sohasini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilib, geologiya iqtisodiyotga suv va havodek zarur deya taʼkidladilar. Soʼnggi yillarda davlat byudjetidan geologiya sohasiga katta mablagʼlar ajratilib, eng ilgʼor texnologiyalar yurtimizga olib kelindi. Yerosti boyliklarning zaxirasi ham, prognoz resurslari ham koʼpaydi. Birgina oʼtgan 2022 yilda mamlakatimizda qisqa fursat ichida geologiya sohasida ilm-fan va tadqiqot ishlarini jadallashtirish, yosh, bilimli kadrlarni tarbiyalash va geologiya sohasini rivojlantirish maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, Davlatimiz rahbari 2022 yilning oʼzida bir necha bor geologiya sohasi va kimyo sanoatidagi loyihalar bilan tanishib, 2022-2026 yillarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish boʼyicha alohida dastur ishlab chiqish vazifalarini qoʼydi.

Shuningdek, Prezidentimiz uran geologiyasi sohasidagi natijalar va yil yakunigacha boʼlgan rejalar muhokamasi yuzasidan ham yigʼilish oʼtkazdi. Ushbu yigʼilishda “Navoiyuran” davlat korxonasini transformatsiya qilish, uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan ishlar haqida soʼz bordi. Davlatimiz rahbari bu ishlarni samarali tashkil etish uchun loyiha ofisi ochish, kadrlar malakasini oshirish kerakligini taʼkidlab, rangli va noyob metalli konlarni oʼzlashtirish masalasiga ham toʼxtalib oʼtdi.

Bugun korxonamiz tarkibida "Uran va noyob metallar geologiyasi" ilmiy-ishlab chiqarish markazining Navoiy va Samarqand viloyatlarida joylashgan 3 ta “Bukantau”, “Nurota” va “Zirabuloq” geologiya qidiruv ekspeditsiyalari va Geologiya qidiruv partiyasi hamda togʼ jinslari, tuproq, rudalar, texnologik eritmalarning analitik tadqiqotlarni bajaradigan Geologik laboratoriya majmuasi faoliyat yuritmoqda.

Bir soʼz bilan aytganda, uranning asosiy tasdiqlangan va tahlil qilingan zaxiralari mavjud Markaziy Qizilqum va Ziyavutdin-Zirabuloq mintaqalarida mashaqqatli va sharafli kasb sohiblari boʼlgan geologlar, geotexnologlar, marksheyderlar, geofiziklar mehnat qilishmoqda.

Shu bilan birgalikda, jonajon korxonamiz boshqarmasida hamda barcha tarkibiy boʼlinmalarda Bosh geolog boʼlimlari faoliyat yuritmoqda. Ularda oʼnlab malakali va tajribali geologlar sidqidildan mehnat qilishib, korxonaning barcha amaldagi konlarida geologik-qidiruv ishlarini va tadqiqotlarni amalga oshirib kelishmoqda.

Malakali geologlarimizning olib borgan izlanishlari natijasida oʼtgan 2022 yilda konlarimiz soni jami 20 taga yetdi. Mavjud uran konlari zaxiralarini xalqaro standartlar asosida baholash tizimining yoʼlga qoʼyilayotgani korxona transformatsiya jarayonlari bilan uzviy bogʼliqdir.

Joriy yilda “Navoiyuran” DK va “SRK Consulting Group” xalqaro konsalting kompaniyasi oʼrtasida mineral resurlar va ruda zaxiralarni baholash boʼyicha xizmat koʼrsatish shartnomasi imzolandi. Shartnomaga asosan, birinchi bosqichda asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini taʼminlab beradigan 17 ta konlarni JORC standartlariga muvofiq baholatish choralari belgilandi. Аlbatta bu yoʼlda Siz aziz geologlarning bilimi va mehnatlariga tayanamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Ishonamanki, bundan keyin ham korxonamiz geologlarining samarali faoliyati, bilim va salohiyatlari milliy iqtisodiyotimizning ajralmas qismi boʼlgan uran sanoatini rivojlantirib, aholining farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Barchangizni yana bir bor kasb bayrami bilan tabriklar ekanman, Sizlarga, geologiya sohasining barcha ishchi-xodimlariga mustahkam sogʼlik, oilaviy baxt va saodat, kelgusi ishlaringizda yangi yutuqlar tilayman!

Ona zaminimiz qaʼridagi boyliklarni izlab topish va ularni ishlab chiqarishga yoʼnaltirishdek masʼuliyatli va sharafli ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar yor boʼlsin!