Awesome Image

“Navoiyuran” DKda “SRK Consulting Group” xalqaro kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar olib borildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-319–son Qarorida uran zaxiralari qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisobotlarini xalqaro standartlariga muvofiq baholash vazifasi topshirilgan.  

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash yuzasidan “SRK Consulting Group” xalqaro kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar olib borildi va korxona faoliyati bilan tanishtirish maqsadida kon boshqarmalari, zavodlar hamda ishlab chiqarish maydonlariga xizmat safarlari tashkil etildi.

“Navoiyuran” DK Bosh direktori J.Xasanov bilan “SRK Consulting Group” xalqaro kompaniyasi vakili Bowell Robert John o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda uran zaxiralari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisobotlarini Avstraliya kodeksi (JORC Code) xalqaro standartiga muvofiq tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama etildi.  

Shuningdek, tashrif davomida kompaniya mutaxassislari korxona mas’ul xodimlari bilan hamrohligida “Uchquduq” ishlab chiqarish maydonidagi Geotexnologik kon hamda Sulfat kislota ishlab chiqarish sexi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif jarayonida kompaniya vakillari qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisobotlarini xalqaro standartlariga (JORC Code) muvofiq baholash yuzasidan texnik topshiriq loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.  

Ma’lumot uchun: “SRK Consulting Group” xalqaro konsalting kompaniyasi asosan yer va suv resurslari sohasida mijozlarga maqsadli maslahat va yechimlar beradi.

Xususan, tog‘-kon loyihalari uchun qidiruv ishlaridan tortib konni yopishgacha bo‘lgan xizmatlarni taklif qiladi. Kompaniya mutaxassislari tegishli ekspertiza, texnik tadqiqotlar, kon chiqindilari va suv resurslarini boshqarish, ruxsat berish va konlarni qayta tiklash kabi sohalarda yetakchi hisoblanadi.

"Navoiyuran" DK axborot xizmati