Awesome Image

“NAVOIYURAN” XOTIN-QIZLARI “XONATLAS”GA QO‘ShILDI

Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab "Milliy qadriyatlar oyligi" doirasida o‘tkazilayotgan “Xonatlas” festivalida “Navoiyuran” DK va uning tarkibiy bo‘linmalari xotin-qizlari va ishchi-xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda.  

 

Milliy qadriyatlarimizni avaylab asrash, kelajak avlodga munosib yetkazish maqsadida o‘tkazilayotgan festivalda korxonaning Navoiy, Zafarobod, Uchquduq va Nurobod maydoni muhandis-texnik xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda.

 

Festival ayol-qizlarimizda milliylik, qadriyatlar, urf-odatlarga bo‘lgan hurmatni oshirish, milliy matolarimiz, ularning kelib chiqishi haqida tushunchaga ega bo‘lish bilan birga ularga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlayapti. Ayniqsa, tadbirlarda ayol-qizlar milliylik elementlari ifoda etilgan atlas, adras va boshqa milliy liboslarda namoyon bo‘lishi, tabiat bilan o‘zaro uyg‘unlikda o‘zgacha manzara kashf etmoqda. Bu esa o‘z navbatida, xodimlar qiyofasiga joziba bag‘ishlab, milliy merosi bilan faxrlanish hissini uyg‘otdi.

 

Shuningdek, tadbirlar davomida qadimiy urf-odat va an’analarimizni hamda ota-bobolarimizning turmush tarzini o‘zida aks ettiruvchi jihozlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari ko‘rgazmalari ham tashkil etilmoqda.

 

“Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar korxonamizda har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi. Bu borada Xotin-qizlar kengashi tomonidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan, - deydi “Navoiyuran” DK standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va sifat menejmenti tizimlari xizmati boshlig‘i, Xotin-qizlar kengashi raisi D.Xusanova. Ushbu tashabbusni korxonamizning har bir xodimi mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladilar. Mazkur festival korxonamizda mehnat faoliyatini olib borayotgan xotin-qizlarimizga bahoriy kayfiyat ulashib, yanada ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashlariga va milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatlari mustahkamlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi”.

 

“Navoiyuran” DK axborot xizmati