Awesome Image

NAVRO‘Z SAYILLARI BAXTU SAODATIMIZ, FAROVON HAYOTIMIZ IFODASIGA AYLANDI

Yangilanish, yasharish va go‘zallik bayrami, deya nom olgan, har birimizning ko‘nglimizga bahoriy iliqlik hamda go‘zallikni olib kirayotgan sevimli bayramimiz – Navro‘z “Navoiyuran” davlat korxonasi tizimida ham keng nishonlandi.

Korxona joriy yilda o‘zining ikkinchi bahorini qarshi oldi. O‘tgan yilgi an’anani davom ettirgan holda bu yil ham Navro‘z bayramini korxonaning ko‘p sonli jamoasi, qolaversa, Zafarobod qo‘rg‘oni ahli katta bayram sayli ko‘rinishida nishonlashdi. “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan Navro‘z bayram sayillari korxonaning Navoiy, Zafarobod, Uchquduq, Nurobod maydonlari mehnat  jamoasi tomonidan tayyorlandi.

Tadbirda “Farhod” va “Yoshlik” madaniyat saroyi ijodiy jamoalari va folklor-etnografik  ansambllari hamda xonanda Bahrom Nazarovning katta gala konsert dasturi namoyish etildi.

Ko‘l atrofiga erta tongdan korxona ishchi-xodimlari va Zafarobod qo‘rg‘oni aholisi tashrif buyurdilar. Bayramga oid plakatlar, bayram gullari, milliy so‘zanalarimiz bilan bezatilgan maydonda Navro‘z tarovati yaqqol sezilib turdi.

Ayniqsa, korxona tarkibiy bo‘linmalari tomonidan tanlov uchun azaliy urf-odatlarimizga muvofiq tayyorlab kelingan bayramona dasturxon va badiiy chiqishlar bayramni badiiy jihatdan sermazmun va rang-barang bo‘lishini ta’minladi.

Shu kuni bahoriy taomlar, shirmoy kulchalaru patirlar, doshqozonlarda tayyorlangan sumalak dasturxonlarga tortildi. Bayram dasturidan o‘rin olgan mushoiralar, turli musobaqalar, ko‘rgazmali chiqishlar yig‘ilganlarga ham, tanlov hakamlar hay’atiga ham birdek manzur bo‘ldi. Bir tomonda dorbozlar o‘yinlari, bir tomonda milliy xalq o‘yinlari, yana bir tomonda konsert dasturlarining namoyish etilishi, tadbirni haqiqiy xalq sayliga aylantirdi.

Bahoriy go‘zallikka mos kiyingan korxona xotin-qizlari o‘zbekona odatlarga binoan kelinsalom, aqiqa, beshik soldi kabi marosimlarlarni o‘tkazdilar. Sayillarda turli xalq va sport o‘yinlari, laparu aytishuvlar, ayniqsa, o‘lmas qadriyatlarimizni namoyish etishga keng o‘rin berilgani, sog‘lom raqobat muhitini yaratib, ishchi-xodimlar uchun o‘ziga xos sinov maydoni vazifasini ham o‘tadi.  

Yakunda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan “Umumxalq saylini tashkil etish bo‘yicha eng yaxshi bo‘linma” tanlovi eng kuchli 3 ta jamoasi hamda "Eng yaxshi dasturxon", "Eng yaxshi milliy liboslar", "Eng yaxshi innovatsion g‘oya", "Eng yaxshi milliy urf-odatlar", "Eng yaxshi taqdimot", "Eng yaxshi tashkilotchi" kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, korxona rahbariyati va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, NKMK Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Mehnat muhofazasi bo‘yicha eng yaxshi jamoatchilik vakili” hamda “Ishlarning eng yaxshi tashkilotchisi, qonun va qoidalar bilimdoni” tanlovlari g‘oliblari munosib rag‘batlantirildi.

  "Navoiyuran" DK axborot xizmati