Awesome Image

O‘ZBEKISTON URANI HINDISTONGA EKSPORT QILINADI

Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning eksport salohiyatini ko‘tarish va tashqi bozorlarda ularning mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish Respublikamiz iqtisodiy rivojlanishining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada “Navoiyuran” DKda ham tabiiy uran mahsulotini yuz foiz eksportga yo‘naltiruvchi sanoat korxonasi sifatida yangi bozorlarga chiqish, eksport geografiyasini kengaytirish yo‘lida aniq va maqsadli chora-tadbirlar belgilab olingan. Hindiston esa yangi manzil. Korxonaga tashrif buyurgan ushbu davlat delegatsiyasi korxona rahbariyati bilan uchrashib, eksport masalalarini muhokama qildi.

 O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi yaqin do‘stlik munosabatlari uzoq tarixga ega. Ta’bir joiz bo‘lsa, Hindistonni o‘zbek xalqi bilan ko‘p asrlik madaniy, savdo-iqtisodiy hamda samimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. 2019 yilda “Navoiyuran” davlat korxonasi va Hindiston hukumatining “Atom energiyasi departamenti” bilan imzolangan shartnoma esa ushbu do‘stlik aloqalarining yana bir amaldagi isboti bo‘ldi. Hozirgacha “Navoiyuran” DK Yaponiya, Kanada, AQSh, Janubiy Koreya kabi davlatlarga mahsulotini eksport qilib kelayotgan edi. Korxonaning eksport geografiyasini kengaytirish yo‘lida olib borilgan sa’y-harakatlar samarasida ushbu ro‘yxatga Hindiston ham qo‘shildi.  

Yuqoridagi shartnomaga ko‘ra, 2023 yilning mart oyidan boshlab strategik xomashyo bo‘lgan tabiiy uran mahsulotini Hindistonga eksport qilish boshlanadi.

Delegatsiyaning tashrifidan maqsad, tayyor mahsulotni Hindistonga jo‘natishdan oldin nazorat ko‘rigi va sifatini laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishdan iborat. Shu maqsadda delegatsiya Uran ishlab chiqarish zavodi va uning tayyor uran mahsulotini jo‘natish uchastkasida bo‘lishdi.

Korxona mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarish va mahsulotni eksportga tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, Hindistonga jo‘natiladigan tabiiy uranni ham ko‘zdan kechirishib, mutaxassislarning bu boradagi faoliyatiga ijobiy baho berishdi.

Shundan so‘ng, hindistonlik mehmonlarni korxona bosh direktori J.Xasanov qabul qilib, ularga o‘zaro hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

O‘z navbatida “Atom energiyasi departamenti” vakillari MOHAN Swati va PUSAPATI Venkata Surya Narayana Prudhvi Rajular ham “Atom energiyasi departamenti” “Navoiyuran” DK bilan strategik sherik sifatida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganidan mamnun ekanligini hamda korxonaga ilk bor tashrif buyurgani katta taasurot qoldirganini ta’kidladilar. Shuningdek, muloqotlar davomida korxona mutaxassislari tomonidan zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlar to‘liq taqdim etilgani, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirilgani nazorat ko‘rigidan sifatli o‘tkazishda muhim rol o‘ynagani aytib o‘tildi. Muhimi, jo‘natma maxsus belgilangan joyda saqlanayotgani, barcha xalqaro talablar darajasida qadoqlangani va ushbu tabiiy uran mahsulotini Hindiston tomoni qabul qilishga tayyor ekanligi qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish o‘rinliki, korxona tomonidan 2023-2026 yillar davomida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan tabiiy uran hajmlari “Itochu”, “Marubeni”, “Cameco”, “KHNP” kabi jahonning yetakchi kompaniyalariga eksport qilinishi bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolangan. O‘tgan 2022 yilda mahsulotlar eksporti 118,9 foizga bajarilgan va 2021 yilga nisbatan o‘sish sur’ati 110,2 foizni tashkil etdi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Navoiyuran” davlat korxonasi Yangi O‘zbekiston ravnaqi uchun mamlakatimizning jahon uran eksportchilari bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlash yo‘lida bor kuch va salohiyatini hamda imkoniyatlarini ishga solgan holda astoydil mehnat qilmoqda.

“Navoiyuran” DK bilan “Atom energiyasi departamenti” o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va ishonchga asoslangan aloqalar esa shubhasiz kelajakda uzoq muddatli hamkorlik munosabatlariga eshik ochadi.

 “Navoiyuran” DK axborot xizmati