Awesome Image

"ORANO" BILAN HAMKORLIK YANADA MUSTAHKAMLANMOQDA

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Davlatimiz Rahbari Fransiyaning “Orano” kompaniyasi raisi Klod Imoven bilan uchrashdi. Uchrashuvda geologiya-qidiruv ishlari va uran qazib chiqarish borasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi hamda bir qator vazifalar belgilab olindi.  

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda “Navoiyuran” DK va “Orano mining” kompaniyasi rahbariyati boshchiligida “Janubiy Jingeldi uran konida qazib olish va qayta ishlash quvvatlari inshootlarini qurish” loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida ishchi guruh uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Fransiyalik mutaxassislarning tashrifi dasturiga muvofiq ishchi guruhi kun tartibidagi masalalarni muhokama etish maqsadida “Orano” va “Nurlikum Mining” delegasiyasi “Navoiyuran” DK Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari – bosh muhandis V. Nazarov bilan uchrashdi. Uchrashuvda delegasiya a’zolari va “Navoiyuran” DK mutaxassislari ishtirokida mazkur loyiha bo‘yicha muzokaralar olib borildi. 

V.Nazarov o‘zaro hamkorlik “Janubiy Jingeldi” loyihasidan tashqari, O‘zbekistonda yangi uran konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha bir qator strategik loyihalarni amalga oshirishga ham zamin yaratayotganini ta’kidladi. O‘z navbatida “Orano mining” kompaniyasi vitse-prezidenti Nikolya Flotte samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi. 

“Navoiyuran” DK va “O’zGEORANGMETLITI” loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati va mutaxassislarining bevosita yordamlari bizga loyihani o‘z vaqtida amalga oshirishimizda katta imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Biz oldimizga qo‘yilgan 2025-yilda “ Janubiy Jingeldi” loyihasini to‘liq quvvatda ishga tushirish vazifasini mas’uliyat bilan his qilib turibmiz. Oldimizdagi tig‘iz dasturlar o‘rin olgan ikki kun biz uchun juda muhim. Sababi, kelajak ikki yil davomida amalga oshiradigan ishlarimizni muhokama qilib olishimiz zarur, - dedi Nikolya Flotte.   

Uchrashuvda shu kundan “Janubiy Jingeldi”da to qazib olish ishlari boshlangunga qadar amalga oshiriladigan ishlar va bunda tomonlarning vazifalari belgilab olindi. 

Muloqotlar jarayonida “O’zGEORANGMETLITI” loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilayotgan texnik-iqtisodiy asoslar bo‘yicha texnik taxminlarni muvofiqlashtirish va tasdiqlash bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, loyihani amalga oshirish bilan bog'liq tarmoq jadvalining barcha bosqichlari atroflicha tahlil qilindi.  

Bundan tashqari, burg'ilsh va qurilish ishlari, elektr ta’minoti va logistika, xususan, sulfat kislotasini to‘liq yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. 

Yig‘ilish davomida asosan 2024-2025 yillarda loyihani to'liq amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvali tahlil qilinib, ularni bajarish bo‘yicha mas’ul rahbarlar belgilab olindi. 

Tomonlar tarmoq jadvali bo‘yicha ishlarning borishini har hafta muhokama etib borishga kelishib olishdi.    

✍️ "Navoiyuran" DK axborot xizmati