Awesome Image

PREZIDENT TOPSHIRIG‘I IJRODA

Bugungi o‘zgaruvchan sharoitda iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishini ta’minlashning eng samarali yo‘li ichki imkoniyatlarni ishga solish, ya’ni import bo‘layotgan tayyor mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishdir. Bu borada sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni yanada kengaytirish masalasi dolzarb bo‘lib qoladi.

“Navoiyuran” DK ham respublikamizdagi yagona tabiiy uran ishlab chiqaruvchisi hamda sanoat korxonasi sifatida import o‘rnini bosuvchi turli xildagi mahsulotlar, xususan, burg‘ilash uskunalari, kompressor qurilmalari va ehtiyot qismlarga bo‘lgan talabi ortib bormoqda. Ushbu ehtiyojni ichki bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qanoatlantirilishi esa ortiqcha vaqt va xarajatlarning oldini olish bilan birga, yurtimizda yangi korxonalar tashkil etilishiga va mavjud korxonalarni ish hajmi va daromadlarining oshishiga hamda valyutaning tejalishiga olib keladi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashriflari chog‘ida viloyatda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun katta zaxira va imkoniyatlar borligi, import bo‘layotgan mahsulotlarni kooperatsiya asosida mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berilgan edi. Shunga muvofiq, 2023 yilda “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan 11ta, “NKMK” AJ tomonidan 40ta mahalliy ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan “shatakka” olish mexanizmi bo‘yicha kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarish va xaridini amalga oshirish belgilangan. Korxonada bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda ushbu tadbirkorlik sub’ektlari bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, takliflari va muammolari tinglandi.

Uchrashuvda “NKMK” AJ va “Navoiyuran” DK rahbariyati, Navoiy ixtisoslashtirilgan prokuraturasi vakillari hamda shatakka olingan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.   

Dastlab korxona bosh direktori Jahongir Xasanov so‘zga chiqib, korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar, shatakka olish mexanizmining samarasi va erishilayotgan yutuqlar to‘g‘risida gapirib o‘tdi. 

Shuningdek, “Navoiyuran” DK bosh direktori o‘rinbosari L.Xamidov, “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ boshqarma boshlig‘i M.Amonov, Navoiy ixtisoslashtirilgan prokurori yordamchisi Z.Irgashevlar ham mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tishdi.

Ma’lumot berilganidek, bugungi kunda “Navoiyuran” DK tomonidan uran ishlab chiqarish sanoatida zarur bo‘lgan burg‘ilash uskunalari, sharoshkali iskana va koronka, kompressor qurilmalari uchun filtrlar, fotoelektrik stansiya va sanoat quyosh suv isitish qurilmalari, zanglamas po‘latdan ishlangan payvandlash elektrodlari va zanglamaydigan po‘latdan bolt, gaykalar, V630 hajmli gidrosbornik, ishchi-xodimlar yashashi va ishlashi uchun vagon-binolar, chiroq va lampalar, yopishqoq PVX lentalar o‘zlashtirilmoqda.

Shu maqsadda mahsulotlarni o‘zlashtirish va xarid bo‘yicha ushbu 11 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlarining 7 tasi bilan elektron kooperatsiya portali orqali 73,9 mlrd so‘mlik shartnomalar rasmiylashtirildi.

Ta’kidlanganidek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish davlat iqtisodiyoti uchun foydalidir. Boisi, bu qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va tarmoqning jadal rivojlanishini ta’minlaydi. Shuningdek, xarajatlarni kamaytirishga, buyumlarning tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini qisqartirishga, muhimi materiallarni yetkazib berish uchun zarur vaqtni tejab, ishlab chiqarishdagi uzilishlar xavfini bartaraf etadi.

Uchrashuvda tadbirkorlik sub’ektlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan bir qatorda, takliflari va muammolarini ham o‘rtaga tashladi. Ularning yechimi va hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikrlar bildirildi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, shatakka olish deganda salohiyati bor yirik korxonalar o‘zining ehtiyoji uchun kichik va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirishda, mahsulotlar sifatini talab darajagacha yetkazishda, konstruktorlik va texnologik ishlarida ko‘maklashish va mahsulotni xarid qilish tushuniladi.

 “Navoiyuran” DK axborot xizmati