Awesome Image

QAROR IJROSI MUHIM BOSQICHDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-319-sonli Qarorida “Nurlikum mining Uzbek-French joint venture” MChJ QKdagi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining ulushini “Navoiyuran” DKga ustav fondida davlat ulushini mos ravishda oshirish hisobiga berish to‘g‘risida band kiritilgan. 

 

Shuningdek, qarorda 2030-yilga qadar mavjud zaxiralarni kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirish vazifalari yuklatilgan. Ushbu jarayonda “Nurlikum mining” MChJ QK ham bevosita ishtirok etishi belgilangan. Shu bois, “Nurlikum mining” MChJ QK bosh direktori Frederik GERIN qarorda belgilangan vazifalarni birgalikda amalga oshirish, shu kungacha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalarni muhokama etish maqsadida “Navoiyuran” DKga tashrif buyurdi.

 

Qo‘shma korxona delegatsiyasi “Navoiyuran” DK bosh direktori Jahongir Xasanov bilan uchrashdi. Uchrashuvda Frederik GERIN Shimoliy va Janubiy Jingeldi maydonlari bo‘yicha “Nurlikum mining” QK tomonidan qidiruv natijalari, mavjud uran zaxiralari hamda zaxiralarni xalqaro standartlarga muvofiq taqdim qilinishi bo‘yicha ma’lumot berdi. 

 

Shuningdek, qo‘shma korxona ishtirokidagi investitsion loyihalarni amalga oshirishning 2025-yilgacha bo‘lgan “yo‘l xaritasi” ko‘rib chiqildi. Muloqotlar davomida aniqlangan zaxiralar maydonlarida birlamchi ishlab chiqarish tajribalarini amalga oshirish hamda ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ham masalalar muhokama etildi. Bundan tashqari, “Orano mining” va “Nurlikum mining” korxonalarining o‘zaro hamkorlikdagi vazifalariga e’tibor qaratilib, takliflar o‘rtaga tashlandi va bu borada maqsadli rejalar tuzib olindi. 

 

Bunday hamkorlikda tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro uzviy aloqalarni yanada mustahkamlash qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va to‘laqonli bajarilishini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, deyildi muloqotlar so‘ngida.

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati