Awesome Image

QO‘RIQLASH OTRYADI XODIMLARI BELLASHDI

14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Zafarobod qo‘rg‘onida musobaqa tashkil etildi. Musobaqada “Navoiyuran” DK ishlab chiqarish maydonlarining Idoraviy harbyilashtirilgan qo‘riqlash otryadi (Navoiy, Nurobod, Zafarobod, Uchquduq) ishchi-xodimlari ishtirok etishdi. 

Ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va otryad terma jamoasiga kuchli sportchilarni saralab olishni maqsad qilgan musobaqada jamoalar 6 ta - yengil atletika ko‘p kurash, qurolni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, avtomashina shinasini  ma’lum masofaga yumalatish, armrestling, 16 kg toshni ko‘tarish, arqon tortish shartlari bo‘yicha bellashdilar. Musobaqa natijalariga ko‘ra umumjamoa hisobida 1-o‘rin Zafarobod maydoni jamoasiga nasib etdi. Kuchli uchlikdan Nurobod va Uchquduq maydoni jamoalari joy olishdi. 

Shuningdek, har bir shart bo‘yicha shaxsiy birinchilik natijalari e’lon qilindi va xodimlar munosib taqdirlandi. Bundan tashqari, 2023-yil natijalariga ko‘ra “Eng ilg‘or komanda boshlig‘i”, “Eng ilg‘or guruh boshlig‘i”, “Eng ilg‘or o‘qchi”, “Eng ilg‘or nazoratchi”, “Eng ilg‘or yo‘riqchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. 

Yakunda g‘oliblarga diplom va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alar topshirildi.

"Navoiyuran" DK axborot xizmati