Awesome Image

RASMIY MUNOSABAT

Joriy yilning 4-iyun kuni anhor.uz sayti va ijtimoiy tarmoqda “Навоийуран” потратит 374 млн сумов на информационную поддержку. Закуп осуществляется напрямую” nomli sarlavha bilan e’lon qilingan maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ-319-sonli qarori bilan “Navoiyuran” davlat korxonasini transformatsiya qilish doirasida korxonaning iqtisodiy salohiyatini to‘laqonli namoyish etish maqsadida ma’lumotlarni rasman e’lon qilish bo‘yicha cheklovlar olib tashlanishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan 2022-yil 1-avgustdagi PQ-319-sonli qaror ijrosini amalga oshirish grafigining 7-bandiga asosan korxona faoliyatiga tegishli ma’lumotlar, transformatsiya jarayonlari hamda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi  ma’lumotlarni korxonaning rasmiy saytida va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borish choralarini ko‘rish vazifasi topshirilgan.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, “Navoiyuran” davlat korxonasi va UzReport axborot agentligi MChJ o‘rtasida axborot ko‘magini amalga oshirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish maqsadida 2023-yil 9-fevralda 223/PR-Asonli 374,9 mln.so‘mlik shartnoma imzolangan.

“UzReport” axborot agentligi tomonidan taqdim etilayotgan kontent foydalanuvchilar segmentida xalqaro biznes vakillariga qaratilganligi hamda korxona transformatsiya jarayonlarining natijadorligiga xizmat qilishi inobatga olingan.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan maqolada “...Договор между сторонами подписан напрямую без проведения какого-либо конкурсного отбора...” deb yoritilganligi keng ommada hamda mamlakatimiz xarid qonunchiligidan bexabar o‘quvchilarda xarid “noqonuniy” amalga oshirilgan degan, noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.

Mazkur xarid davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.09.2018 yildagi PQ-3953-sonli qarori
12-bandiga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshirilganligini ma’lum qilamiz.

 

“Navoiyuran” davlat korxonasi axborot PR xizmati