Awesome Image

ROSSIYALIK MUTAXASSISLAR O‘Z TAJRIBALARI BILAN O‘RTOQLASHDI

Ma’lumki, Davlatimiz rahbari tomonidan 2022-yilning 14-iyulida “2022-2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-319-sonli qaror qabul qilindi. Mazkur me’yoriy hujjatda uran xom ashyosini qazib olish va qayta ishlash hajmini ikki baravarga oshirish, shuningdek, nodir va kamyob metallarni ajratib olishda samarali texnologiyalarni joriy etish va ularni qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish va xalqaro tajribani keng miqyosda ishlab chiqarishga tatbiq etish maqsadida “Navoiyuran” davlat korxonasi rahbariyati tomonidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan va jahonning yetakchi tarmoq kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda.

Korxonaning Toshkent ofisida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya Federatsiyasining “Rosatom” davlat korporatsiyasi huzuridagi “Rusatom Energy Projects” AJ vakillari ishtirok etishdi.

Muloqotlar davomida kelgusidagi hamkorlik istiqbollari, undan kutilayotgan natijadorlik va kelgusidagi rejalar muhokama etildi.

Dastlab, korxona bosh direktori J.Xasanov mehmonlarga yuqoridagi qaror mazmun-mohiyati, korxonaning uran sanoatidagi ilmiy-texnik salohiyati xususida ma’lumot berdi va ishlab chiqarish hajmlarini ikki baravarga oshirish bo‘yicha qanday amaliy choralar ko‘rilayotganini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida rossiyalik mutaxassislar ham bu borada o‘zlarining xalqaro miqyosda to‘plagan tajribalaridan kelib chiqib takliflarini bildirishdi.

Muloqot yakunida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi. Uchrashuvning keyingi bosqichida o‘zaro Anglashuv Memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan.  

"Navoiyuran" DK axborot xizmati