Awesome Image

SULFAT KISLOTASI ISHLAB CHIQARISH SEXI FAOLIYATI


Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi 1985-yilda qurilib, ishga tushirilgan. Sex hozirgi kungacha, qariyib 39 yillik faoliyati davomida 14,5 million tonnaga yaqin sulfat kislotasi ishlab chiqarib, “Navoiyuran” DKning geotexnologik konlari texnologiyasi hamda “NKMK” AJ gidrometallurgiya zavodlari va Navoiy viloyati sanoat zonasi kimyo-energetika komplekslarini sulfat kislotasi bilan ta’minlab kelmoqda. 

2023-yilda reja bo‘yicha sulfat kislotasi ishlab chiqarish 510 000 tonna bo‘lib, amalda 525 420 tonnani yoki rejaga nisbatan ko‘rsatkich 103,02% ni tashkil etdi. 

Mahalliylashtirish dasturi va innovatsion loyihalar doirasida sexda quritish absorbsiya minorasining 1200XNG-6-10-M11/25G-9-2 markali sovutgichlari 900XNG-5-5-M11/25G-9-2 markasiga almashtirildi, qumoqli oltingugurt bo‘limi oltingugurt eritish qurilmasi qurilishi amalga oshirildi, chiqindi bug‘larini saqlab qolib, suvni iqtisod qilish uchun bug‘ kondensatorlari ishlab chiqildi. 

Hozirgi vaqtda sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexini texnik qayta jihozlash loyihalari bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatika, texnik jarayonni avtomatik boshqarish tizimlari modernizatsiya qilinmoqda. 

Bundan tashqari, ishlab chiqarish chiqindilaridan qimmatli elementlarni kompleks qayta tiklash dasturi ishlab chiqilib, laboratoriya sharoitida ishlatilgan vanadiy katalizatoridan vanadiy pentoksidini olish texnologiyasi yaratildi. 

“Navoiyuran” DK tashkil etilgandan buyon Sulfat kislotasi ishlab  chiqarish sexiga 17 nafar - 5 ta oliy ma'lumotli va 12 ta o‘rta maxsus o‘quv yurtlari bitiruvchilari ishga joylashtirildi.

“Navoiyuran” DK axborot xizmati