Awesome Image

TRANSPORT TARMOG‘I "NAVOIYURAN" DK ISHLAB CHIQARISH ZANJIRINING HALQASI

“Navoiyuran” davlat korxonasida transport sohasi muhim o‘ringa ega. Yuk tashish, ishchi-xodimlarni manzillarga olib borish va olib kelish hamda geotexnologik konlardan qazib olinadigan mahsuldor eritmalarni sex va zavodlarga yetkazishda avtomobil va temir yo‘l transportining hissasi beqiyos. Shu bois, transport tizimining iqtisodiy samaradorligini oshirish va uni taraqqiy ettirish korxona rahbariyatining oldidagi muhim vazifalardan biridir. O‘tgan 2023-yil davomida korxona transport sohasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi, belgilangan ko‘rsatkich va vazifalar sharaf bilan uddalandi. Bugungi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasi bo‘linmalari tarkibida 1 ta avtobaza, 12 ta transport va 3 ta temir yo‘l uchastkalari mavjud bo‘lib, ularning balansida 830 ta avtotransport vositalari, 437 ta yo‘l-qurilish texnikalar va mexanizmlar, 180 ta tirkama va yarim tirkamalar, 5 ta teplovoz va 312 ta kimyoviy reagent tashishga mo‘ljallangan vagon-sisternalar bor. Mazkur uchastkalarda jami bo‘lib, 150 nafar rahbar, muhandis-texnik xodimlar va 2233 nafar turli toifadagi haydovchilar, mashinistlar hamda ishchi-xizmatchilar mehnat faoliyatini olib bormoqda.

 

2023-yil uchun mo‘ljallangan investitsion loyihalar doirasida yil davomida korxona bo‘linmalari balansiga jami 104 ta transport vositasi va mexanizmlar, 76 ta sulfat kislotasi tashishga mo‘ljallangan vagon-sisternalar va 1 ta teplovoz xarid qilinib, foydalanishga topshirildi.

 

Korxona bo‘linmalarida 2023-yil davomida 830 024,4 tonna sulfat kislotasi avtomobil transportida uran qazib olish hududlariga yetkazib berilib, belgilangan reja 102,4%ga uddalandi.

 

Bundan tashqari, korxona bo‘linmalarining ehtiyojidan kelib chiqib 1 262 051,6 tonna har xil turdagi yuklar, ya’ni tovar moddiy boyliklari, polietilen quvurlari, ion almashinuv smolalar va me’yorlanmagan boshqa yuklar avtomobil transportida hududlarga yetkazib berilib, yuk tashish rejasi amalda 102,0%ga bajarildi.

 

Ortiqcha sarf-harajatlarning oldini olish va tejamkorlik bugungi kunning talabi hisoblanadi. Ushbu vazifadan kelib chiqqan holda korxonada transport vositalaridan oqilona foydalanishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda transport sohasida ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish va yoqilg‘i-moylash materiallaridan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan 2023-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ishlar tashkillashtirildi. Unga ko‘ra korxona transport bo‘limi mutaxassislari tomonidan tarkibiy bo‘linmalarning ehtiyoji uchun yoqilg‘i mahsulotlarining sarfi bo‘yicha tasdiqlangan kunlik limitga amal qilinishi doimiy tahlil qilib borilmoqda. Tahlil natijalariga ko‘ra, 2023-yil davomida tarkibiy bo‘linmalar tomonidan ajratilgan limitga nisbatan jami 758,4 tonna dizel yoqilg‘isi, 17,2 tonna avtobenzin iqtisod qilishga erishildi. Alternativ yoqilg‘idan foydalanishni joriy etish maqsadida 2023-yilda jami 28 ta transport vositalari suyultirilgan neft gaziga ishlashga qayta jihozlandi.

 

Shuningdek, transport vositalarining yoqilg‘i sarf me’yorlarini kuzatish va nazorat qilish maqsadida ushbu tizimni o‘rnatishga vakolatli bo‘lgan maxsus litsenziyaga ega tashkilot bilan shartnoma tuzilib, 42 turdagi yangi xarid qilingan transport vositalariga yoqilg‘i sarf me’yorlarini kuzatish tizimi o‘rnatildi. 

 

Belgilangan reja-topshiriqlarni o‘z vaqtida sifatli bajarilishini ta’minlash va transport vositalarini texnik soz holatda saqlash maqsadida, bo‘linmalarning transport uchastkalarida doimiy ravishda belgilangan jadval asosida joriy ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish ishlari tashkil etib kelinmoqda. 8 ta maxsus texnik xizmat ko‘rsatish markazlari rasmiy dilerlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida, korxonaga qarashli jami 422 ta texnologik yuk tashishga mo‘ljallangan, maxsus yuk ko‘taruvchi va yengil avtotransport vositalari va yo‘l-qurilish mexanizmlariga ta’mirlash xizmatlari ko‘rsatilgan.

 

Natijada, korxonadagi texnologik transport vositalarining o‘rtacha texnik tayyorgarlik koeffitsienti 0,90 gacha, ishga chiqish koeffitsienti esa 0,86 gacha ko‘tarilishiga erishildi.  

    

Temir yo‘l transporti mamlakat iqtisodiyotida yetakchi o‘rinni egallaydi. "Navoiyuran" davlat korxonasi ham o‘z faoliyati davomida zarur bo‘ladigan mahsulotlar xususan, kimyoviy moddalar va boshqa xalq xo‘jalik tovarlarining katta qismini tashishni temir yo‘l uchastkasi orqali amalga oshiradi. Korxonada jami 19 km temir yo‘l mavjud bo‘lib, 2023-yilda uning 150 metri kapital ta’mirlandi, qolgan qismi muntazam ravishda joriy ta’mirlanib kelinmoqda.

 

Korxona vagon parkidagi 142 ta kimyoviy reagentlar tashish uchun mo‘ljallangan vagon-sisternalar joriy va kapital ta’mirdan o‘tkazildi. Shuningdek, teplovozlar ham muhandislarning doimiy nazorati ostida.

 

Bundan tashqari, korxona bo‘linmalariga qarashli texnologik ichki idoraviy, kon ichki avtoyo‘llar holati muntazam ravishda o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

 

Joriy yilda “Zafarobod” kon boshqarmasiga qarashli geotexnologik konlarida yo‘l qurilish va shag‘allashtirish ishlari bajarildi. Jumladan, 1-sonli geotexnologik koni “Shimoliy Bukinay” uchastkasida 2 km hamda “Aulbek” uchastkasining 9-mahalliy sorbsion uchastkasida 1,7 km, 3-sonli geotexnologik koni “Shimoliy Ko‘xnur”, “Jingeldi”, “Nurkon” va “Aldabergen” uchastkalarida jami 20,2 km hamda 4-sonli geotexnologik koni hududida 1,5 km yo‘lda shag‘allashtirish ishlari olib borildi. Ushbu geotexnologik koni hududiga kirishdagi 1,2 km ichki yo‘lga asfalt qoplamalari yotqizildi. 1-sonli geotexnologik konidan 3-sonli geotexnologik konigacha bo‘lgan yo‘l hududidagi jami 30 km oraliqdagi yo‘l chuqurlarini ta’mirlash ishlari bajarildi.

 

Korxona transportchilari ishlab chiqarishdagi asosiy vazifasidan tashqari, yozgi mavsumda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari bilan birgalikda bolalarni yozgi oromgohlarga 4 mavsum davomida olib borish va olib kelish ishlarida ham faol ishtirok etishdi. Xususan, 2023-yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida 3000 nafardan ortiq bolalarni “Sarmish”, “So‘g‘diyona” “Zarafshon”, “Bolajon”, “Paxlovon”, “Geolog” va “Kelajak” sog‘lomlashtirish oromgohlariga harakat va texnika xavfsizligi hamda mehnat muhofazasi qoidalariga rioya qilgan holda transport vositalari va temir yo‘l transportida tashish ta’minlandi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-martdagi “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 125-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda bo‘linmalarda harakat xavfsizligi va yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida, avtotransport vositalari harakat tarkibini yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Mazkur hujjatga asosan o‘tgan yil davomida belgilangan reja asosida avtotransport vositalari to‘liq yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

 

Shuningdek, 2023-yil oktabr oyida viloyat YHXB xodimlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Navoiy viloyati boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda korxona tasarrufida bo‘lgan avtotransport vositalari va qishloq xo‘jalik texnikalari to‘liq navbatdagi majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

 

Korxona ichki yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida 2023-yilda 500 dona yo‘l belgilari xarid qilindi va ushbu yo‘l belgilarini o‘rnatish ishlari davom etmoqda. 

 

Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzgan va yo‘l transport hodisalari sodir etgan haydovchilarning bilimlarini muntazam ravishda tekshirish uchun qayta imtihondan o‘tkazilib, mas’uliyati va xushyorligi oshirib borilmoqda. Shuningdek, bo‘linmalarning avtoxo‘jaliklarida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari ishtirokida seminar-yig‘ilishlar doimiy ravishda o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tadbirlarda yo‘l harakati qoidalari qo‘pol ravishda buzilgan va yo‘l transport xodisalari sodir etilgan holatlar aks etgan videolavhalar namoyish etilib, haydovchilar ogohlikka chaqirilmoqda. 

 

Bugungi kunda korxonadagi 983 ta transport vositalari va yo‘l qurilish mexanizmlari, kompressorlar, burg‘ilash uskunalari va boshqa qurilmalarga “GPS treker” - sun’iy yo‘ldosh orqali nazorat qilish (“Kontrol GSM”) informatsion tizimi moslamalari o‘rnatilgan. Bu orqali kunlik monitoring o‘tkazib borilmoqda. Natijada ayrim haydovchilar tomonidan o‘rnatilgan tezlik talablarining buzilishi va shunga o‘xshash qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. 

 

Avtobaza va transport uchastkasi haydovchilarining ishga chiqish vaqtida va ishdan so‘ng tibbiy qo‘rikdan o‘tishlari uchun tibbiyot punktlariga alkotesterlar, ya’ni nafas olish yo‘lida spirt bug‘larini mavjudligini aniqlash moslamasi bilan to‘liq ta’minlandi.

 

Yil davomida sodir etilgan yo‘l transport hodisalari bo‘yicha hisobot hamda avtobaza va transport uchastkalarida yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha tahlillar muntazam ravishda olib borilmoqda.

 

Bo‘linmalardagi xavfli yuk va katta hajmli yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 35-sonli qarori talablari asosida YHXB bilan hamkorlikda yo‘nalish sxemalari va ruxsatnomalari belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirildi hamda “Xavf to‘g‘risidagi axborot tizimi” bo‘yicha belgilangan ma’lumotlar xafli yuk tashuvchi avtomobillarga to‘liq o‘rnatildi.

 

Korxona transport bo‘linmalarining joriy yilda ham rejalari bisyor. Xususan, tashuvchilarning yuk avtomobillari uchun yo‘l varaqalari, tovar-transport yukxatlarini tayyorlash, hisobga olish, to‘ldirish va qayta ishlash bo‘yicha yo‘riqnomasiga binoan “1C” dasturida yo‘l varaqalarini taksirovka qilinishini joriy etish va foydalanuvchilarni yaratilgan dastur bo‘yicha o‘qitishlarni tashkil qilish rejalashtirilgan.

 

Bular natijasida ma’lumotlar bazasi doimiy ravishda yangilanib boriladi va transport vositalarining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash takomillashtiriladi. Ichki yo‘llarning ta’mirlanish sifati va avtotransport vositalarining ish samaradorligi ortadi. Texnologik avtotransport vositalarni ta’mirlash sifati va texnik tayyorgarlik koeffitsienti oshadi, ta’mirlash muddati qisqaradi, yoqilg‘i sarfi me’yorlari tartibga solinadi.

 

Sherzod Ilbayev

“Navoiyuran” DK

transport bo‘limi boshlig‘i