Awesome Image

“UCHQUDUQ” GEOTEXNOLOGIK KONINING 60-YILLIGI TANTANALI NISHONLANDI 

"Uchquduq" madaniyat saroyida “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni “Uchquduq” geotexnologik konining 60-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda “Navoiyuran” DK bosh direktori J.Xasanov, Uchquduq tumani hokimi S.Hamroyev, Shimoliy kon boshqarmasi direktori N. Axadov, korxona rahbariyati, muxandis-texnik xodimlar, mehnat faxriylari va taklif etilgan mehmonlar ishtirok etishdi.

Dastlab yigʻilganlar ushbu qutlugʻ sana bilan qutlanib, konda erishilgan yutuqlar, kelgusidagi rejalar xususida maʼlumot berildi. Shuningdek, jamoaning istiqbolli ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.    
Hozirgi kunda korxonada uran ishlab chiqarishning 13 foizi, mazkur kon hisobiga toʻgʻri keladi. Joriy yilning 24-noyabrida kon jamoasi davlat rejasini muddatidan oldin bajardi va ishlab chiqarish hajmining 2021-yilga nisbatan oʻsish surʼati 7,5 %ga taʼminlandi.
“Uchquduq” ICHMda 776 nafar burgʻilovchi, geolog, geotexnolog, muhandis-texnik xodimlardan iborat jamoa fidokorona mehnat qilmoqda. 

Hozirgi vaqtda “Uchquduq” geotexnologik koni tarkibida mahsuldor eritmalarni qayta ishlash, togʻ-kon uskunalarini demontaj qilish va oʻrnatish, suv osti nasoslarini ishlatish, asbob-uskunalar boʻlimi, tarmoqlar va podstansiyalar, dispetcherlik xizmatlari va ombor xoʻjaligi singari 14 ta uchastka faoliyat yuritadi, yangidan transport uchastkasi shakllantirildi. Shuningdek, 12 ta lokal sorbsion uchastkalarda tabiiy uran qazib olish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Konda 2030-yilga qadar geologiya-qidiruv ishlari orqali uran zaxiralarini 2000 tonnaga yetkazish belgilangan.

Joriy yilga moʻljallangan Investitsiya dasturiga muvofiq “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni boʻyicha jami 3 ta loyihani amalga oshirish hamda 6,0 mln dollar miqdorida mablagʻlarni oʻzlashtirish koʻzda tutilgan. 
Loyihalar doirasida 70 dan ortiq texnologik uskunalar, 60 dan ortiq transport uskunalari, 10  dan ortiq energetik uskunalar xarid qilindi. 2023-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturiga muvofiq “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni boʻyicha jami 5 ta loyihani amalga oshirish va 9,0 mln dollar miqdorida mablagʻlarni oʻzlashtirish belgilangan. 

Tantanali marosim davomida koʻp yillik fidokorona mehnati va ishlab chiqarishga qoʻshgan hissasi hamda “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni “Uchquduq” geotexnologik koni tashkil topganligining 60-yilligi munosabati bilan bir guruh xodimlar "Korxona faxriysi" unvoni, II va III darajali "Konchilik shuhrati" koʻkrak nishoni hamda “Navoiyuran” DK rahbariyati va 6-son Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Shuningdek,Uchquduq tuman hokimligining faxriy yorliqlari topshirildi.

Tantanali marosim davomida “Uchquduq”, "Oltin vodiy", "Yoshlik" madaniyat saroyi badiiy jamoalari hamda xonandalari tomonidan bayram konsert dasturi namoyish etildi. 

"Navoiyuran” DK axborot xizmati