Awesome Image

XALQARO HAMKORLIK DUNYO YETAKCHILARI DAVRASIDA

Joriy yilning 9-18-iyul kunlari “Navoiyuran” DK Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari – bosh muhandis V.Nazarov boshchiligidagi ishchi guruh Fransiya va Niger Respublikasida boʻlishdi. 

Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad “Orano Mining” kompaniyasi tomonidan uran ishlab chiqarish boʻyicha amaliyotga joriy etilgan usullar, konlar faoliyati va u yerda yaratilgan shart-sharoitlarni joyiga borgan holda oʻrganish, oʻzaro muloqot qilish va tajriba almashishdan iborat.      

Ishchi guruhi tashrifning birinchi kuni “Orano Mining” kompaniyasining Parij shahridagi bosh ofisida  “Imouraren” (Gʻarbiy Afrikaning Niger Respublikasida joylashgan) istiqbolli uran konining tarixi va umumiy geologiya maʼlumotlari bilan tanishdi. Aniqlangan istiqbolli konlarni birgalikda oʻzlashtirish yuzasidan muloqotlar boʻlib oʻtdi. Shu bilan birga “Orano Mining” kompaniyasining yangi tayinlangan Bosh ijrochi direktori Xavyer Sent Martin Tillet (SEO Mr. Xavier Saint Martin Tillet) bilan ham uchrashuv oʻtkazildi. 

Korxonamiz delegatsiyasi safarining uchinchi kunida Niger Respublikasining poytaxti Niamey shahriga borishdi. Shu kunning oʻzidayoq “Orano Mining” kompaniyasining Niger Respublikasidagi loyihalari boʻyicha bosh direktori Matye Davrinsh (Mr. Matthieu Davrinche) va boshqa masʼullar bilan uchrashdi. Unda “Orano Mining” kompaniyasi tomonidan Niger respublikasida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar boʻyicha maʼlumotlar berildi.  

Shuningdek, xizmat safari davomida Niamey shahridan 1000 km uzoqlikda joylashgan Arlit shahrida boʻlishdi. Ushbu shahar yaqinida joylashgan “Somair” va “Cominak” konlari faoliyati bilan tanishildi. Xususan, “Somair” ochiq  tarzda qazib olinadigan uran koni karyerlari va u yerda olib borilayotgan togʻ-kon ishlari, uranni uyumlab eritish va ishqorlab eritish usullariida  ishlaydigan zavod faoliyati, texnik va texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishildi. 

Tashrif rejasiga asosan “Orano Mining” kompaniyasining mahalliy mutaxassislari tomonidan uranni uyumlab va ishqorlab  qazib olish texnologiyalari haqida batafsil maʼlumot berildi. Bu borada oʻzaro fikr va tajriba almashildi. 

Eslatib oʻtamiz, “Orano Mining” kompaniyasi “Navoiyuran” davlat korxonasining doimiy hamkori boʻlib, kompaniya vakillari bir necha bor korxonaga tashrif buyurgan. “Navoiyuran” delegatsiyasi ham kompaniyaning Qozogʻistondagi vakolatxonasida oʻzaro muloqotlarda ishtirok etishgan edi. Delegatsiyamiz Fransiya va Niger respublikalarida esa amaliy tashrif bilan ilk bor boʻlishi.

✍️ "Navoiyuran" DK axborot xizmati